Hamkorbankda donorlik aksiyasi: inson hayotini saqlash yo‘lidagi ezgu tashabbus

Hamkorbank korporativ ijtimoiy mas’uliyat (ESG) tamoyillariga sodiq qolgan holda jamiyat salomatligi va insonparvarlik qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tashabbuslarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
2026-yil 25-iyul kuni bosh bankda Respublika Qon quyish markazi mutaxassislari ishtirokida donorlik aksiyasi tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi xodimlar o‘rtasida ijtimoiy mas’uliyat, insonparvarlik va o‘zaro mehr-oqibat qadriyatlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, qon zaxirasini to‘ldirish orqali bemorlar hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shishdan iborat bo‘ldi.
Aksiyada bank xodimlari faol ishtirok etib, ushbu xayrli tashabbusni katta mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladilar. Donorlik jarayonidan avval barcha ishtirokchilar malakali shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Qon topshirish jarayoni amaldagi sanitariya-gigiyena me’yorlari hamda xavfsizlik talablari asosida tashkil etildi.
Donorlik — bu nafaqat tibbiy ehtiyojni qondirish, balki inson hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan yuksak insonparvarlik amali hisoblanadi. Har bir topshirilgan qon bir necha insonning hayotini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkin. Hamkorbank korporativ ijtimoiy mas’uliyat yo‘nalishida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar orqali xodimlarda fuqarolik mas’uliyati, saxovat, birdamlik va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi.
Bank bundan buyon ham jamiyat farovonligi va aholi salomatligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi ijtimoiy loyihalarni davom ettirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘radi.