Donorlik aksiyasi

Bankimiz tomonidan yaqin kelajakda amalga oshirish uchun oldiga qo‘ygan ko‘plab maqsadlaridan biri bu — Bankning jamoatchilik va o‘zaro manfaatdor tomonlar oldida ijobiy nufuzini ortishiga, yangi mijozlarni jalb qilishga hamda mavjud mijozlarning ishonchi va hayrixohligini mustahkamlashga yordam beruvchi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Shu maqsadda ESG bo‘limi tomonidan Bank xodimlari ishtirokida donorlik aksiyalarini muntazam tashkil qilib borish yo‘lga qo‘yilib, Bank xodimlarini donorlik aksiyalarida ishtirok etishlarini targ‘ib va tashkil etish maqsadida Andijon viloyat qon quyish markazi bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Dastlabki bosqichda Andijon viloyat qon quyish markazi mutaxassislarini jalb etgan holda Bank tizimidagi barcha xodimlarga videokonferens aloqa orqali «Donor bo‘lib faxr tuyg‘usini his qiling» mavzusida o‘quv-seminar tashkil etilib, donor bo‘lish talablari, uning foyda va imtiyozlari haqida keng tushunchalar berildi. O‘quv seminarida Bosh bankning 192 va Bank tarmoqlarining 1286 ta xodimi ishtirok etdi. Keyingi bosqichda dastlab qon quyish markazining shifokorlarini jalb qilgan holda Bosh bank xodimlaridan qon olish (donor) tadbiri tashkil etilib, jami 53 nafar xodimdan qon olindi.

Keyingi bosqichda Andijon viloyatidagi Shaxrixon, Asaka, Xo‘jaobod, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa va Nodirabegim UBXOlarga tashrif buyurib, xodimlardan qon olish (donorlik) tadbirlari tashkil etildi.
Tadbir natijalariga ko‘ra Bosh bankning 53 nafar hamda Andijon viloyatida joylashgan UBXOlarning 49 nafar xodimlaridan jami bo‘lib 45,45 litr qon olinib, undan 202 dona qon komponentlari tayyorlandi va davolash muassasalariga qonga muhtoj bemorlarga yordam sifatida berildi.
Donor bo‘lgan inson ma’lum vaqt (o‘rtacha 6 oy) o‘zini to‘liq tiklab olishi kerakligini inobatga olib, navbatdagi donorlik aksiyasi 2024-yil 11-iyun kuni soat 09:00 dan 16:00 ga qadar Bosh bank va Andijon MBXO xodimlari ishtirokida tashkil etildi. Tadbir natijasida jami bo‘lib 51 nafar donor bo‘lishga munosib bo‘lgan xodimlardan 23,97 litr donorlik qoni olinib, undan 102 ta qon komponentlari tayyorlandi va davolash muassasalariga qonga muhtoj bemorlarga yordam sifatida berildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, donor bo‘lib xodim o‘zining sog‘ligiga foyda bo‘lishi, inson hayotini saqlab qolish kabi foydali jihatlari, qolaversa donorning oila a’zolariga qon quyish zarurati paydo bo‘lganda navbatsiz qon olish imtiyozlari mavjud. Bugungi kunga qadar ushbu xayrli ishlarda ishtirok etgan xodimlarimiz orasida ular yoki oila a’zolarining qon komponentlariga ehtiyoj tug‘ilgan holatlari ham uchrab turibdi hamda ular navbatsiz va qon topshirmasdan qon komponentlari olish kabi imtiyozlardan foydalanib kelmoqda.