Bank haqida
/
ESG va barqaror rivojlanish
/
Ijtimoiy mas’uliyat
/
«Hamkorbank» ATB «Muruvvat» uy-internatlaridagi bolalar uchun bayram tadbirlari tashkil etdi

«Hamkorbank» ATB «Muruvvat» uy-internatlaridagi bolalar uchun bayram tadbirlari tashkil etdi

«Muruvvat» uylarida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Hamkorbank ATB jamoasi o‘zining ezgu an’analariga sodiq qolgan holda 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan respublikamizdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun «Muruvvat» internat uylarida bayram tadbirlarini tashkil etmoqda.

Ushbu ezgu tashabbus doirasida Toshkent shahridagi 1- va 2-sonli nogironligi bo‘lgan bolalar «Muruvvat» internat uylarida hamda Buxoro viloyatidagi «Muruvvat» internat uyida ko‘tarinki ruhda bayram dasturlari o‘tkazildi. Tadbirlar bolajonlar uchun haqiqiy quvonch va iliq taassurotlarga boy bo‘ldi.

Bayram davomida bolalar uchun rang-barang va mazmunli dasturlar tayyorlandi. Xususan, qo‘g‘irchoq teatrlarining qiziqarli sahna ko‘rinishlari, ertaknamo chiqishlar, animatorlar ishtirokidagi o‘yinlar hamda interaktiv mashg‘ulotlar bolalarning kayfiyatini yanada ko‘tardi. Tadbirlar davomida bolalar faol ishtirok etib, quvonch va samimiy tabassumlarini yashira olmadilar.

Shuningdek, Hamkorbank ATB tomonidan bolalar uchun maxsus tayyorlangan sovg‘alar ulashildi. Bu esa bayramni yanada esda qolarli va quvonchli lahzalarga boy etdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu xayrli tashabbus faqat Toshkent va Buxoro viloyatlari bilan cheklanib qolmay, respublikamizdagi boshqa «Muruvvat» internat uylarida ham davom ettirilmoqda. Bu esa bank jamoasining ijtimoiy mas’uliyatga bo‘lgan yuksak e’tibori hamda bolalarga mehr ulashish borasidagi doimiy sa’y-harakatlarining ifodasidir.

Mehr, e’tibor va insonparvarlik — jamiyatimizning eng muhim qadriyatlaridan biridir.

Oxirgi yangilanish sanasi: 17.06.2026