Hamkorbank va YeTTB hamkorligida ayol tadbirkorlar uchun raqamli marketing treninglari o‘tkazildi

«Hamkorbank» ATB Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ayollar boshqaruvidagi bizneslarni qo‘llab-quvvatlash tashabbusini davom ettirmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida ayol tadbirkorlar uchun «Internetda savdo» mavzusida maxsus amaliy treninglar tashkil etildi.
Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan mazkur o‘quv dasturida turizm, ta’lim, chakana savdo va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 50 nafarga yaqin tadbirkor ayol ishtirok etdi.
Trening davomida ishtirokchilar biznesni raqamlashtirish bo‘yicha quyidagi muhim yo‘nalishlarda bilim va tajriba almashdilar:
- Elektron tijorat: onlayn savdoni samarali yo‘lga qo‘yish va zamonaviy elektron tijorat vositalaridan foydalanish;
- Marketpleyslar va raqamli marketing: marketpleyslar bilan ishlash, ijtimoiy tarmoqlar orqali biznesni targ‘ib qilish hamda digital marketing imkoniyatlarini maksimal darajada qo‘llash;
- Strategik rivojlanish: yangi bozorlarga chiqish, mijozlar bazasini kengaytirish va internet orqali savdo hajmini oshirishning samarali usullari.
Dasturning amaliy qismi sifatida mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarga individual maslahatlar berildi. Bu esa ishtirokchilarga o‘z biznes ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish va biznesni raqamli muhitda muvaffaqiyatli boshqarish imkonini berdi.
Trening yakunida ishtirokchilarga o‘z malakalarini oshirganliklari to‘g‘risida sertifikatlar topshirildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus «Ayol tadbirkorlarni moliyalashtirish tashabbusi» (We-Fi) doirasida amalga oshirildi va ayollarning biznesdagi salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
«Hamkorbank» kelgusida ham tadbirkor ayollarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning zamonaviy moliyaviy hamda amaliy bilimlar bilan qurollanishiga ko‘maklashishda davom etadi.