«Hamkorbank» va YeTTB hamkorligida tashkil etilgan seminarlar yakunlandi

Poytaxtimizdagi «Hamkorbank» ATBning «Aviasozlik» o‘quv markazida YeTTB tomonidan Markaziy Osiyodagi «Biznesdagi ayollar» dasturi doirasida «Gender va moliyadan foydalanish imkoniyati» mavzusida IPC vakillari bilan birgalikda seminarlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2024-yilning 14−15-noyabr kunlarida boshlangan tadbirlar joriy yilning may oyiga qadar tashkil etildi va unda Andijon viloyatida joylashgan bank tarmoqlarining mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi bir guruh xodimlari faol qatnashdilar.
Xususan, IPC vakillari bilan birgalikda gender yo‘nalishida trenerlik qilish yuzasidan tajriba almashinuv o‘quv-seminarida ishtirok etgan bank xodimlari trening davomidagi topshiriqlar ijrosiga ko‘ra, Andijon shahrida joylashgan Biznes markazida «Biznesdagi ayollar» nomli seminar tashkil qildilar. Dastlabki vazifa ijrosi «Hamkorbank» ATB Gender strategiyasi to‘g‘risidagi mavzuda «Korporativ o‘quv markazi» bosh treneri (korporativ xizmatlar bo‘yicha) Ibragimov Turg‘unali Tolibjonovich zimmasida bo‘lib, so‘ng Ergashev Azamatjon Zaripjonovich tomonidan «Hamkorbank» ATBda ayol mijozlarga chakana bank mahsulotlarini sotish to‘g‘risida, «Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv masalalarini muvofiqlashtirish» bo‘limi gender bo‘yicha mutaxassisi Xudoyarova Xurshida Muxtarovna tomonidan esa «Hamkorbank» ATB ayol mijozlari uchun beriladigan imtiyozlar va qulayliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Navbatdagi treninglar bank tarmoqlari va bosh bank xodimlari tashabbusi bilan bank filiallarida qizg‘in davom etdi. Jumladan, «Yakkasaroy», «Uchtepa», «Olmazor», «Mirobod», «Aviasozlik» va «Sergeli» filiallari xodimlari ushbu seminarda o‘zlarining trenerlik mahoratlarini namoyish qilib, ishtirokchilarga muhim ma’lumotlarni ulashdilar. Trening mobaynida trenerlar tomonidan savollarga batafsil javob berildi.
Aytish joizki, bu kabi tadbirlar yangi va muhim bilimlar olish, tajriba almashish hamda xodimlarning kelgusidagi muvaffaqiyatlari uchun ayni imkoniyatdir.