Bank haqida
/
ESG va barqaror rivojlanish
/
Ijtimoiy mas’uliyat
/
"Hamkorbank" va YеTTB hamkorligida tadbirkor ayollar uchun ilhombaxsh trening bo‘lib o‘tdi

«Hamkorbank» va YеTTB hamkorligida tadbirkor ayollar uchun ilhombaxsh trening bo‘lib o‘tdi

«Hamkorbank» va YeTTB hamkorligida tashkil etilgan seminarlar yakunlandi

Joriy yilning 18-aprel kuni poytaxtimiz Toshkent shahrida «Hamkorbank» ATB va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim trening bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbir «Women in Business» loyihasi va YeTTBning GEFF «Green Finance» (Yashil moliya) yo‘nalishi doirasida tashkil etilib, xotin-qizlarning biznes sohasidagi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qildi.

Seminarda xalqaro miqyosda tanilgan YeTTB ekspertlari, Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha Sparkassenstiftung konsalting kompaniyasi va IPC — Internationale Projekt Consult GmbH kabi nufuzli tashkilotlarning vakillari, shuningdek, «Hamkorbank» ATBning malakali jamoasi hamda eng muhimi, tashabbuskor va muvaffaqiyatli tadbirkor ayollar ishtirok etdilar.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida «Hamkorbank» ATB Mikro, kichik va o‘rta biznes departamenti rivojlanish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Natalya Yurevna Kuzmina o‘z samimiy kirish so‘zi bilan yig‘ilganlarni qutladi. U o‘z nutqida bankning tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari, muhtarama Nigoraxon Kamaldinovna Yakubova mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

YeTTBning O‘zbekistondagi kichik biznes bo‘yicha maslahat dasturining yetakchi tahlilchisi Nazira Dadaxonova ayollar uchun tashkil etilayotgan bu kabi muhim tadbirlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, «Hamkorbank» ATBga minnatdorchilik bildirdi hamda ishtirokchilarni «YeTTB kichik biznes uchun maslahat dasturi» faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Seminar davomida YeTTBning GEFF «Green Finance» yo‘nalishi bo‘yicha konsultanti Dono Abdurazzakova «Yashil moliya» dasturining mazmuni, afzalliklari va unda ayol tadbirkorlarning muhim o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, «Hamkorbank» ATB Hamkorlik munosabatlari va ekotizimlarni joriy etish bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Azat Rustemovich Galeyev zamonaviy biznesning ajralmas qismi bo‘lgan «Onlayn sotuvlar uchun internet-ekvayring» mavzusida qiziqarli va amaliy ahamiyatga ega ma’lumotlarni taqdim etdi.

Seminarning ikkinchi qismi yanada mazmunli va qiziqarli ma’lumotlarga boy bo‘ldi. «Hamkorbank» ATB Islomiy bank mahsulotlarini sotish guruhi mutaxassisi Baxtiyor Isaxodjiyev ishtirokchilarga zamonaviy moliyaviy yechimlardan biri bo‘lgan «Islomiy lizing»ning afzalliklari va qo‘llanish tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, YeTTB tavsiyasiga binoan taklif etilgan tajribali trener Ra’no Sidikova ishtirokida «Raqamli marketing va onlayn sotuvlar» mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Trener zamonaviy raqamli vositalardan samarali foydalanish, onlayn maydonlarda sotuvlarni oshirishning innovatsion usullari va muvaffaqiyatli marketing strategiyalari haqida qimmatli bilim hamda ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashdi.

Seminarning yana bir muhim qismida «Hamkorbank» ATB Sotish boshqarmasining xorijiy mutaxassisi Stanislav Brazinskiy «Sotuv voronkasining asosiy bosqichlari» mavzusida o‘z bilim va tajribalarini ishtirokchilar bilan o‘rtoqlashdi. U sotuv jarayonining har bir bosqichini aniq misollar orqali tushuntirib berdi va muvaffaqiyatli sotuv strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga malakali ekspertlardan batafsil javob olish imkoniga ega bo‘ldilar. Seminarning yakuniy qismi ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Barcha mehmonlarga faol ishtiroki uchun minnatdorchilik sifatida esdalik sovg‘alari va ishtirokchi sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi. Mazkur trening tadbirkor ayollar uchun yangi bilimlar olish, tajriba almashish va kelgusidagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qildi.

Oxirgi yangilanish sanasi: 10.06.2026