Bank haqida
/
ESG va barqaror rivojlanish
/
Ijtimoiy mas’uliyat
/
Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Bugungi kunda «Hamkorbank» ATB tomonidan ilg‘or jahon tajribasini hisobga olgan holda, xalqaro tamoyillarga muvofiq ESG, barqaror rivojlanish hamda korporativ ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish sohasida yetakchi bo‘lish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar zamirida jamiyatda mavjud bo‘lgan gender, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizliklarni kamaytirish maqsadi yotadi. Shu yo‘nalishda bir qator ustuvor vazifalar ham belgilab olingan.

Ma’lumki, Bank tomonidan qabul qilingan ESG strategiyasi doirasida barqaror rivojlanib borayotgan mijozlar haqida hikoya qiluvchi maqolalar va videoroliklarni e’lon qilish yo‘lga qo‘yilgan. Navbatdagi qahramonimiz esa Namangan shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkor Umida Rizayeva bo‘ldi.

Rejamizga ko‘ra, bu safargi maqola ham «Hamkorbank» bilan hamkorlikda yuksalib kelayotgan, ayollar haqidagi stereotiplarni yengib, tadbirkorlik sohasida yuqori natijalarga erishayotgan va gullar shahri Namanganda faoliyat yuritayotgan biznes-ledi haqida bo‘lishi kerak edi. Biroq «RA'NO DIAGNOSTIKA VA DAVOLASH MARKAZI» MCHJ ta’sischisi Umida Rizayeva xizmat safarida bo‘lgani sababli, bizni qiziqtirgan savollarga uning turmush o‘rtog‘i, korxona rahbari Rustam Baxriddinov javob berdi.

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Suhbatning avvali va yakunida tadbirkor quyidagi fikrni alohida ta’kidladi:

«Biznesda muvaffaqiyatga erishishning asosiy siri — hech nimadan qo‘rqmay faoliyatni boshlashdir. Agar qo‘lingizda hayotga tatbiq etish uchun arzirli biznes-reja va istiqbolli maqsadlar bo‘lsa, bilim hamda ko‘nikmalaringizga tayangan holda tadbirkorlik faoliyatini ikkilanmasdan boshlash zarur».

«Shunday ibora bor: to‘qqiz marta yiqilib, o‘n marta qayta oyoqqa turish — muvaffaqiyatdir. Aytishim kerakki, oilaviy tadbirkorlik faoliyatimiz davomida ayrim mayda kamchiliklar bo‘lgan, ammo shu kunga qadar yirik muvaffaqiyatsizlikka olib keluvchi xatoliklarga yo‘l qo‘yilmagan. Chunki ayol kishida bilim va ko‘nikmalardan tashqari, izohlab bo‘lmaydigan intuitsiya ham mavjud», — deydi korxona rahbari, qahramonimizning turmush o‘rtog‘i Rustam Baxriddinov.

«Turmush o‘rtog‘imning oilaviy tadbirkorligimiz rivojidagi hissasi beqiyos. Uning maslahatlari bilan qo‘l urgan loyihalarimiz muvaffaqiyatsizlikka uchramagan. Korxonamiz vodiydagi ishonchli brendlardan biriga aylandi. Subordinatsiyani saqlagan holda, xodimlarim tomonidan menga aytilmagan ayrim xato va kamchiliklarni rafiqamning kuzatuvchanligi tufayli bartaraf etib kelmoqdaman», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Korxona faoliyati haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, uning tarixi 2012-yilda dori-darmon vositalarining ulgurji savdosi bilan boshlangan. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, 2014-yilda «Hamkorbank» mijoziga aylangan ushbu korxona qariyb o‘n yildan buyon Bank ko‘magiga tayangan holda o‘z faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirib kelmoqda.

Bugungi kunda korxona tasarrufida shahar markazida joylashgan ikkita tibbiyot markazi hamda dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxona mavjud bo‘lib, ularda jami 200 nafardan ortiq fuqaro mehnat qilmoqda.

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Tibbiyot markazlarining biri 2017-yilda, ikkinchisi esa 2021-yilda faoliyat boshlagan bo‘lib, har ikkisi ham nevrologiya yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Tashrif buyuruvchilar nevrologik muammolardan tashqari, kardiologiya, ginekologiya, revmatologiya va urologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ham malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishlari, shuningdek, barcha turdagi laborator tekshiruvlardan o‘tishlari mumkin.

O‘ndan ortiq oliy toifali shifokor faoliyat yuritayotgan ushbu markazlar bir vaqtning o‘zida 100 nafardan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, markazlarda 70 ta kunduzgi davolanish (statsionar) o‘rni ham mavjud.

Zamonaviy arxitektura talablari asosida bunyod etilgan ushbu tibbiyot markazlari Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga Germaniya, Yaponiya va Rossiya kabi davlatlardan keltirilgan 20 dan ortiq zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan.

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

«Aynan tibbiyot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida mendan maslahat so‘rab kelgan insonlarga beradigan dastlabki savolim shunday: kadrlar masalasi hal etilganmi? Sababi, birinchi tibbiyot markazimiz faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yo‘l qo‘ygan eng katta xatolarimizdan biri kadrlar masalasini oldindan hal etmaganimiz bo‘lgan. Qurilish va jihozlash ishlari yakunlangach, markazga malakali tibbiyot xodimlarini jalb qilish uchun deyarli yarim yil vaqt sarfladik», — deydi tadbirkor.

«Sohada raqobat juda kuchli. Malakali, «qo‘li yengil” shifokorlarni ishga jalb etmasangiz, xalq ishonchiga sazovor bo‘la olmaysiz. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun markaz faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish zarur», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Go‘zal Namangan markazidagi tibbiyot maskanlari faoliyati bilan tanishib bo‘lgach, shahar chekkasiga yo‘l oldik. Namanganda avj olgan qurilish ishlari va qad rostlayotgan bir-biridan go‘zal maskanlarga mahliyo bo‘lib, shahar chetidagi ishlab chiqarish zonasida joylashgan oilaviy biznesning uchinchi manziliga yetib kelganimizni sezmay qolibmiz.

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

«Dori vositalarini ishlab chiqarish sohasida uchta bosqich mavjud. Biz hozirda birinchi bosqich — Galen preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz», — deya ma’lumot berdi respondent.

Turli sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan suhbatlashishning inson tafakkuri uchun foydali jihati shundaki, kundalik hayotda ishlatiladigan ko‘plab atamalarning ilmiy nomlari bilan tanishasiz va lug‘at boyligingiz kengayadi.

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Misol uchun, qadimgi Rim tabibi Klavdiy Galen nomi bilan bog‘liq bo‘lgan Galen preparatlari o‘simlik va boshqa xomashyolardan suv, spirt, efir yoki ularning aralashmalari yordamida ekstraksiya qilish yo‘li bilan olinadi. Sodda qilib aytganda, tibbiyot spirti, yod va brilliant yashil eritma (zelyonka) kabi vositalar Galen preparatlari turkumiga kiradi.

Hozirda 60 nafardan ortiq mutaxassis faoliyat yuritayotgan ushbu korxonada 8 turdagi Galen preparati ishlab chiqariladi. Hozircha faqat ichki bozorni ta’minlayotgan korxona oyiga 2 million donadan ortiq mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Gullar shahri Namanganda «gullayotgan» oilaviy biznes haqida

Korxonada Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan Xitoyda ishlab chiqarilgan dori vositalarini quyish va qadoqlash liniyalari xarid qilinib, foydalanishga topshirilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mijoz — Bankimizning asosiy manfaatdor tomoni, ya’ni asosiy steykholderi hisoblanadi. Manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Bank doimo o‘z ustida ishlashda davom etadi.

Odatdagidek, suhbat yakunida Bank faoliyati, hamkorlik jarayonidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar va fikr-mulohazalar bilan qiziqdik.

«Hamkorlikning dastlabki bosqichlari sifatli bo‘lib, yillar o‘tishi bilan xizmat ko‘rsatish sifati pasaysa, har qanday tadbirkor o‘ziga boshqa ishonchli hamkor izlay boshlaydi. Ammo Bankda xizmat ko‘rsatish sifati yildan-yilga yaxshilanib borayotgani sababli, hamkorlikning dastlabki bosqichlarida yuzaga kelgan ayrim kamchiliklarni eslay olmadim», — deydi tadbirkor va quyidagi taklifni bildiradi:

«Taklifim shundan iboratki, «oqsoqol mijozlar” uchun kredit ajratishdagi byurokratik jarayonlar soddalashtirilsa. Men tadbirkor sifatida xavflarni boshqarish va xavfsizlik siyosatini tushunaman hamda qo‘llab-quvvatlayman. Biroq ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat yuritayotgan, kredit siyosatiga to‘liq amal qilgan va yirik soliq to‘lovchiga aylangan mijozlar reytingi shakllantirilsa, shu reyting asosida yangi g‘oyalarni tatbiq etish uchun kredit ajratish jarayonini yengillashtirish mumkin bo‘lardi. Zero, yangi faoliyat turi ishga tushirilsa, yana o‘nlab, balki yuzlab hamyurtlarimiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi».

Uchrashuvning to‘liq videosini tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz, ushbu havolaga o‘ting.

Oxirgi yangilanish sanasi: 10.06.2026