Yashil moliyada ayol ovozi

2025-yilning 8-iyul kuni Toshkent shahridagi «Crowne Plaza” mehmonxonasida Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) hamda GEFF Yashil moliya yo‘nalishi mutaxassislari tomonidan «Yashil moliyaga o‘tishda ayolning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda «Hamkorbank” ATB ESG bo‘limi xodimlari hamda Yakasaroy UBXO mijozlari, «Chagay plus” MChJ oilaviy korxonasi vakili Viktoriya Chagay ishtirok etdilar.
Tadbirni YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Andi Aranitasi kirish so‘zi bilan ochgach, yig‘ilganlarga GEFF tomonidan so‘nggi 3 oy davomida banklarda o‘tkazilgan gender bazaviy baholash natijalari taqdim etildi.
Shuningdek, davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, «Liberal-demokratik partiya” vakili Dilorom Fayziyeva ESG bo‘limi rahbari Avazbek Fazliyev, «Ipoteka bank” Barqaror rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Abdusalomov, «Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Nigora Yakubova, «Chagay plus” MChJ vakili Viktoriya Chagay hamda O‘zbekiston Respublikasi Banklar assotsiatsiyasi vakili Tohir Babamurodov o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Davra suhbati davomida ayol tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar hamda ular duch kelayotgan to‘siqlar, imkoniyatlar va amaliy tajribalar muhokama qilindi.
Ayniqsa, quyidagi: tadbirkor ayollar duch kelayotgan gender tengsizliklari va ularning yechimlari; iqlim o‘zgarishining ayollar hayotiga ta’siri — gender kontekstida; nima sababdan va qanday qilib banklar o‘z faoliyatida bu tengsizliklarni bartaraf etishi mumkin, kabi masalalar uchrashuvning muhim qismiga aylandi. Aytish joizki, gender tengligi — yashil moliya va iqlim muammolari kesishmasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tadbir ishtirokchilari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yashil va inklyuziv moliyaviy tizim sari dadil qadamlar tashlash zarurligini ta’kidladilar.