Bank haqida
/
ESG va barqaror rivojlanish
/
Ijtimoiy mas’uliyat
/
Islom va gender: Hamkorbankda ma’naviy o‘sishga oid navbatdagi tashabbus

Islom va gender: Hamkorbankda ma’naviy o‘sishga oid navbatdagi tashabbus

Bugun gender masalalari jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy barqarorlikning ajralmas qismi bo‘lib, O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarda gender tengligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, gender masalasini diniy ta’limotlar, xususan, islomiy qarashlar asosida o‘rganish zamonaviy axborot makonida diniy savodxonlikni oshirishning muhim vositasidir.

Hamkorbank xodimlarining kasbiy va shaxsiy rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bankning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ana shu doimiy e’tibor doirasida o‘tkazilayotgan navbatdagi korporativ trening «Islomda gender tushunchasi” mavzusiga bag‘ishlandi.

Mazkur mahorat mashg‘uloti diniy va ijtimoiy savodxonlikni oshirishga xizmat qiluvchi dolzarb va yangicha yondashuv bo‘ldi. Bank kasaba uyushmasi qo‘mitasi (BKUK) ko‘magida o‘tkazilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ijtimoiy fanlar va huquq kafedrasi mudiri, falsafa fanlari doktori Yusupova Nigora Jaloliddin qizi ishtirok etib, spiker ishtirokchilarga gender atamasining ijtimoiy va dini ahamiyatini keng yoritib berdi. U genderga oid qarashlarni zamonaviy yondashuvlar hamda Qur’on oyatlari, hadisi shariflar va amaldagi huquqiy normalar bilan asoslab tahlillar keltirdi.

Natijada, bank xodimlari gender masalasini nafaqat ijtimoiy yoki iqtisodiy, balki diniy-ma'naviy va huquqiy jihatdan tahlil qila olish bo‘yicha tushunchaga ega bo‘lishdi. Seminar interaktiv tarzda o‘tdi — savol-javoblar va bildirilgan fikrlar muhokamaga alohida ruh bag‘ishladi. Uchrashuv yakunida D.N. Yusupova bank rahbariyati va jamoasiga iliq munosabat va e’tibor uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirdi.

Oxirgi yangilanish sanasi: 10.06.2026