«Hamkorbank» va YeTTB hamkorligida «Yashil moliya» bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi

Bugungi kunda ilg‘or jahon tajribasini inobatga olgan holda, xalqaro tamoyillarga muvofiq ESG, barqaror rivojlanish va korporativ ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish sohasida yetakchi bo‘lish yo‘lida «Hamkorbank» ATB tomonidan muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar zamirida jamiyatda mavjud bo‘lgan gender, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizliklarni kamaytirish maqsadi yotadi.
2025-yil 12−13-mart kunlari «Hamkorbank» ATB hamda YeTTB (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki) ning GEFF (Green Economy Financing Facility) yo‘nalishi mutaxassislari hamkorligida «Yashil moliya» kredit mahsulotlari haqida ma’lumot berish va fikr almashish maqsadida bankning biznes vakillari bo‘lgan mijozlari uchun «Hamkorbank» ATB bosh ofisida davra suhbati tashkil etildi.
Mijozlar 3 ta fokus guruhga ajratildi va YeTTBning GEFF («Yashil moliya») yo‘nalishi mutaxassislari Donoxon Abdurazzaqova hamda Holiyor Ziyakulov tomonidan ishtirokchilarning «Yashil moliya» kredit mahsulotlari bo‘yicha bilim darajasi turli savollar orqali o‘rganildi. Mutaxassislar tomonidan ekologik muammolar, ularni kamaytirish yo‘llari, energiya tejovchi texnologiyalar va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha foydali ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida «Hamkorbank» ATB mutaxassislari mijozlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar. Tadbirkorlar «Islomiy lizing» bank mahsulotiga alohida qiziqish bildirganliklari sababli, «Islomiy bank mahsulotlarini sotish guruhi» bosh mutaxassisi Abdulaziz Jalilov taklif etilib, ushbu mahsulot bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi va savollarga javob qaytardi.
Mijozlar tadbir davomida «Yashil moliya» yo‘nalishi bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘lib, ushbu mahsulotlarga katta qiziqish bildirdilar. Tadbir yakunida YeTTBning GEFF dasturi tomonidan ishtirokchilarga Ramazon sovg‘alari topshirildi.
Davra suhbati 14-mart kuni Toshkent shahrida davom etdi. Poytaxtdagi mijozlar ishtirokida 2 ta fokus guruh tashkil etildi. Uchrashuv davomida YeTTBning «Women in Business» dasturi mutaxassislari tadbirkor ayollar bilan muloqot qilib, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va biznesni rivojlantirish bo‘yicha mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berdilar.