«Muruvvat» nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylari bilan aloqalar o‘rnatildi

Aslida, odam zoti kuchli, zehnli, iqtidorli va chapdast yaratilgan. Ammo taqdirning turfa sinov va zarbalari tufayli inson yordamga muhtojlik sezsachi? Bemorlar ruhan va jismonan boshqalarning qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyojmand bo‘lsa, atrofdagi sog‘lom fikrli odamlar doimo ko‘makka shay turishlari shart va zarur. Chunki bu sizu bizning insoniy burchimizdir. Xalqimizda «odam taftini odam oladi» degan purma’no ibora bor. Inson — u qanday holatda bo‘lmasin, uning uchun muhimi e’tibor.
«Hamkorbank» ATB Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv masalalarini muvofiqlashtirish bo‘limining ish rejasidagi vazifalar doirasida bankning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida, Respublikamiz hududida joylashgan barcha «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylari bilan aloqalar o‘rnatib, muntazam ravishda ularning holidan xabar olish, ehtiyojlarini o‘rganib, ularni imkoniyat darajasida ta’minlash kabi xayrli ishni amalga oshirishni yo‘lga qo‘ydi.

Jumladan, dastlab Farg‘ona viloyatida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasiga qarashli Farg‘ona «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida istiqomat qiluvchi bolajonlar holidan xabar olinib, ular uchun zarur kantselyariya mahsulotlari va gigiyena vositalari ulashildi.
Keyingi bosqichda, Respublikamizda mavjud bo‘lgan 7 ta nogironligi bo‘lgan bolalar uchun «Muruvvat» internat uylarida tarbiyalanayotgan bolajonlarning ko‘nglini olish, ular uchun bayram kayfiyati va xursandchilik ulashish maqsadida, «1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» arafasida madaniy tadbirlar tashkil etish rejalashtirildi. Tadbir doirasida Toshkent, Qarshi, Buxoro, Farg‘ona va Termiz MBXO hamda Aviasozlik UBXO va ESG bo‘limidan mas’ul xodimlar belgilanib, tegishli hududlarda joylashgan «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylarida Qo‘g‘irchoq teatri jamoasini jalb qilgan holda bolajonlarga ertak qahramonlari ishtirokida turli o‘yin va teatr sahnalari namoyishi tashkil qilindi. Tadbir davomida ertak qahramonlaridan zavqlangan bolajonlar sahnaga chiqib, maza qilib ular bilan raqsga tushishdi va sovg‘alar olishdi.

Osmonni mehrga to‘la, pok niyatlar ila porlagan shu bolalarning nigohi poklab turibdi. Darhaqiqat, agar yo‘lingiz tushib, «Muruvvat» va «Sahovat» uylariga borib qolsangiz, u yerda yashayotgan bolajonlar bilan suhbatlashsangiz, hayot haqidagi qarashlar va tasavvurlar butkul o‘zgaradi.
ESG bo‘limining ijtimoiy yo‘nalishdagi bunday tadbirlari kelgusida muntazam amalga oshirib turiladi, zero bu bilan bolajonlarning quvonchli kunlari bir hissaga ko‘paysa, Bank rahbariyati va jamoasi bundan faqatgina xursand bo‘ladi hamda o‘z maqsadiga erishgan hisoblanadi.
Tadbirdan lavhalar:



