«BankExpo-2015» mintaqaviy ko‘rgazmasining eng faol ishtirokchisi
2015-yilning 12−13-mart kunlari «Ko‘rgazmasavdomarkazi» binosida bank xizmatlari, texnologiyalari va jihozlarining VIII an’anaviy milliy ko‘rgazmasi — «BankExpo-2015» bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, Axborot va kommunikatsion texnologiyalar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston banklari uyushmasi va Respublika axborot texnologiyalari korxona va tashkilotlari uyushmasi rasmiy ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tashkil etildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha tijorat banklari, jumladan, Xorijiy kapital ishtirokidagi «Hamkorbank» ATB ham ishtirok etib, u bank-moliya sohasidagi eng yangi texnologiyalar va xizmatlarini namoyish qildi.
Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun «Hamkorbank» ATB bank faoliyati haqida, shu jumladan, mobayl-banking, deposit bank yacheykalari kabi yangi xizmatlar, shuningdek, bank mahsulotlari va xizmatlarini taklif etishda innovatsion yechimlar haqida taqdimot o‘tkazdi.
Ko‘rgazma doirasida «Hamkorbank» ATB kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga, ishlab chiqarish mikrofirmalari, dehqon va fermer xo‘jaliklariga, shuningdek, uzoq va aholi zich yashaydigan tumanlarda istiqomat qiluvchi, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha loyihalar tanlovi g‘oliblari bo‘lmish yangidan ish boshlayotgan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi sertifikatlarni topshirdi.
«BankExpo-2015» natijalariga ko‘ra «Hamkorbank» ATB «BankExpo-2015 mintaqaviy ko‘rgazmasining eng faol ishtirokchisi» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.