Hamkorbank kapital bozorida yangi bosqichni boshlab berdi

«Hamkorbank» ATB va uning ta’sischiligidagi «HBCAPITAL» MChJ kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusni amalga oshirmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qaroriga binoan, bank o‘zining ta’sischiligidagi «HBCAPITAL» MChJ kapital bozori sohasidagi maxsus huquqiy rejim — «Tartibga solish qumdoni» (Regulatory Sandbox) ishtirokchilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qolaversa, ushbu mexanizm moliya bozorida innovatsion mahsulot va xizmatlarni amaldagi qonunchilik doirasida sinovdan o‘tkazish, ularning samaradorligini baholash hamda bozor ishtirokchilari uchun zamonaviy yechimlarni joriy etish imkonini berishi alohida ta‘kidlanmoqda.
Loyiha doirasida «Hamkorbank» ATB xorijiy valyutada ifodalangan obligatsiyalar emitenti, «HBCAPITAL» MChJ esa ushbu obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish jarayonida investitsiya vositachisi sifatida faoliyat yuritadi. Hamkorbank uchun kapital bozoridagi faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish, investorlar uchun zamonaviy moliyaviy instrumentlarni taklif etish hamda xalqaro amaliyotga mos investitsiya mahsulotlarini shakllantirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Shuningdek, «Tartibga solish qumdoni» doirasida ishtirok etish bankka yangi moliyaviy yechimlarni xavfsiz va samarali sinovdan o‘tkazish, innovatsion investitsiya mahsulotlarini takomillashtirish hamda bozor ehtiyojlariga mos xizmatlarni ishlab chiqish imkonini yaratadi. Bu esa investorlar, mijozlar va hamkorlar uchun yanada kengroq moliyaviy imkoniyatlarni taqdim etishga xizmat qiladi. Hamkorbank kapital bozorini rivojlantirish, investitsiya muhitini yanada mustahkamlash va mamlakat moliya tizimida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan strategiyasini izchil davom ettirmoqda. Mazkur loyiha bankning innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish hamda O‘zbekiston kapital bozorining raqobatbardoshligini kuchaytirishga qo‘shayotgan navbatdagi muhim hissasidir.