Matbuot markazi
/
Yangiliklar
/
Hamkorbank yaşil moliyalaştirişni rivojlantiriş va biznesning energiya samaradorligini oşirişni qöllab-quvvatlamoqda

Hamkorbank yaşil moliyalaştirişni rivojlantiriş va biznesning energiya samaradorligini oşirişni qöllab-quvvatlamoqda

30.10.2026
7 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

Hamkorbank yaşil moliyalaştirişni rivojlantiriş va biznesning energiya samaradorligini oşirişni qöllab-quvvatlamoqda Toşkent, 2026-yil 29-oktabr.

Toşkent şahrida Yevropa tiklaniş va taraqqiyot banki (YTTB) hamkorligida Özbekistonda yaşil moliyalaştirişni rivojlantirişga bağişlangan tadbir bölib ötdi. Unda Green Economy Financing Facility (GEFF) dasturining mamlakatda erişgan natijalari sarhisob qilinib, yaşil investitsiyalarni kengaytirişning yangi imkoniyatlari va Green Finance Solutions (GFS) taşabbusining istiqbollari muhokama qilindi.

JW Marriott Tashkent City mehmonxonasida taşkil etilgan tadbir xalqaro moliya institutlari, davlat taşkilotlari, donorlar va hamkor banklar vakillarini bir maydonga jamladi. Dastur doirasida amalga oşirilgan loyihalar taqdimoti, hamkor moliya institutlarini taqdirlaş marosimi va yaşil moliyalaştirişning kelajagiga bağişlangan panel muhokamasi ötkazildi.

Hamkorbank uçun mazkur hamkorlik tadbirkorlarning investitsion ehtiyojlarini qöllab-quvvatlaş, işlab çiqariş jarayonlariga energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etiş va biznesning uzoq muddatli barqarorligini mustahkamlaş borasidagi faoliyatning muhim yönalişlaridan biridir.

27 ta loyiha, qariyb 18 million dollar moliyalaştiriş

YTTB bilan hamkorlikda amalga oşirilayotgan GEFF dasturining ikkinçi bosqiçi doirasida Hamkorbank Özbekistonning turli hududlaridagi kiçik va örta biznes vakillarining 27 ta investitsiya loyihasini moliyalaştirdi. Ajratilgan mablağlarning umumiy hajmi qariyb 18 million AQŞ dollarini taşkil etdi.

Dastur doirasida korxonalar energiya samaradorligini oşiriş, işlab çiqariş quvvatlarini modernizatsiya qiliş va resurslardan oqilona foydalanişga xizmat qiluvçi texnologiyalarni xarid qiliş imkoniyatiga ega böldi. Moliyalaştirilgan loyihalarning samarasi aniq körsatkiçlarda namoyon bölmoqda. Hisob-kitoblarga köra, ular yiliga 321 465 GJ birlamçi energiya tejalişini ta’minlamoqda. Bu energiya miqdori qariyb 5 525 ta xonadonni bir yil davomida elektr energiyasi va issiqlik bilan ta’minlaşga teng.

Şuningdek, loyihalar natijasida, har yili 14 573 tonna CO₂ çiqindilarining oldi olinmoqda. Bu körsatkiç bir yil davomida 550 mingdan ortiq voyaga yetgan daraxt yutişi mumkin bölgan karbonat angidrid miqdoriga teng. Uşbu natijalar energiya samaradorligiga yönaltirilgan investitsiyalar korxonalar uçun iqtisodiy manfaat va ekologik samara yaratişini körsatadi. Energiya iste’molining qisqarişi operatsion xarajatlarni optimallaştirişga yordam bersa, zamonaviy uskunalar işlab çiqariş jarayonlarining samaradorligi va korxonalarning raqobatbardoşligini oşirişga xizmat qiladi.

Hududiy biznes uçun zamonaviy texnologiyalarga yöl

GEFF dasturining muhim jihatlaridan biri — yaşil moliyalaştiriş imkoniyatlarini poytaxt bilan çeklab qöymasdan, mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan korxonalarga ham taqdim etişdir. Hamkorbankning hududiy tarmoği orqali tadbirkorlar işlab çiqarişni rivojlantiriş va modernizatsiya qiliş uçun zarur moliyaviy yeçimlardan foydalaniş imkoniyatiga ega bölmoqda. Bu, ayniqsa, energiya sarfi işlab çiqariş tannarxiga sezilarli ta’sir körsatadigan korxonalar uçun muhimdir.

GEFF doirasidagi loyihalar turli tarmoqlarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etiş mumkinligini körsatadi. Jumladan, Qoraqalpoğistonda gofrokarton işlab çiqariş uskunalarini modernizatsiya qiliş, qandolat mahsulotlari işlab çiqarişda energiya samarador liniyalardan foydalaniş va mebel işlab çiqaruvçi korxonada quyoş fotoelektr stansiyasini örnatiş şunday loyihalar qatoriga kiradi.

Uşbu taşabbuslar işlab çiqariş samaradorligini oşiriş, energiya sarfini kamaytiriş va korxonalarning energiya ta’minotidagi özgarişlarga nisbatan barqarorligini mustahkamlaşga qaratilgan.

Moliyalaştiriş bilan birga — texnik kömak

Yaşil loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oşiriş uçun moliyaviy resurslarning özi yetarli emas. Texnologiyani töğri tanlaş, uning energiya tejaydiganligini baholaş va kutilayotgan natijalarni hisoblaş ham muhim ahamiyatga ega.

Şu sababli GEFF dasturi doirasida moliyalaştiriş texnik maslahat va ekspert kömagi bilan töldiriladi. Dastur mutaxassislari tadbirkorlar hamda bank xodimlariga tegişli texnologiyalarni tanlaş, energiya va resurslarni tejaş imkoniyatlarini baholaş va xalqaro talablarga mos uskunalardan foydalaniş masalalarida kömaklaşadi.

Hamkorbank bilan hamkorlikda bank xodimlari uçun treninglar, tadbirkorlar uçun axborot seminarlari, texnologiya yetkazib beruvçilar bilan uçraşuvlar va potensial qarz oluvçilar uçun maslahat sessiyalari ham taşkil etilgan. Bunday yondaşuv yaşil investitsiyalar haqida xabardorlikni oşiriş va biznes uçun asoslangan investitsiya qarorlarini qabul qilişga yordam beradi.

Yaşil moliyalaştirişning yangi bosqiçi

29-oktabr kuni ötkazilgan tadbirda GEFF dasturining natijalari bilan bir qatorda Green Climate Fund (GCF) kömagidagi Green Finance Solutions (GFS) taşabbusining imkoniyatlari ham taqdim etildi. GFS doirasida yaşil moliyalaştirişni kengaytiriş, iqlimga oid investitsiyalarni qöllab-quvvatlaş va korxonalarning barqaror rivojlanişiga kömaklaşuvçi yeçimlarni rivojlantiriş masalalariga e’tibor qaratildi. Dastur moliyalaştirişni texnik kömak va ötiş jarayonini rejalaştiriş bilan uyg‘unlaştiriş imkoniyatlarini ham qamrab oladi.

Tadbirning panel muhokamasida yaşil moliyalaştirişning keyingi rivojlaniş yönalişlari, real loyihalarni qöllab-quvvatlaş va iqlim özgarişiga çidamlilikni oşirişga qaratilgan investitsiyalarni kengaytiriş masalalari körib çiqildi.

Hamkorbank xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik orqali tadbirkorlarning zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş va resurslardan samarali foydalanişga qaratilgan loyihalarni qöllab-quvvatlaşda davom etmoqda. Yaşil moliyalaştirişning rivojlanişi biznesning iqtisodiy samaradorligini oşiriş bilan birga, Özbekiston iqtisodiyotida energiya tejaydigan texnologiyalar uluşini kengaytiriş va ekologik barqarorlikni mustahkamlaş uçun ham muhim ahamiyatga ega.

GFS doirasida yangi moliyalaştiriş kelişuvi

Tadbir doirasida Hamkorbank va Yevropa tiklaniş va taraqqiyot banki (YETTB) örtasida Green Finance Solutions (GFS) doirasidagi hamkorlikka oid moliyalaştiriş kelişuvi imzolandi. Mazkur taşabbus doirasida Hamkorbank 20 mln AQŞ dollarigaça (17,8 mln yevro) moliyalaştiriş paketini oladi. U 18 mln AQŞ dollarigaça YETTB krediti va 2 mln AQŞ dollarigaça Yaşil iqlim jamğarmasining imtiyozli moliyalaştirişidan iborat. GFS doirasiga qöşilgan ilk mahalliy bank sifatida Hamkorbank uşbu mablağlarni mamlakat böylab xususiy sektorning iqlim özgarişini yumşatiş va uning oqibatlariga moslaşişga qaratilgan investitsiya loyihalarini qöllab-quvvatlaş uçun yönaltiradi. Jumladan, energiya samaradorligini oşiriş, suv resurslaridan oqilona foydalaniş va qişloq xöjaligida suğoriş tizimlarini takomillaştiriş kabi yönalişlar moliyalaştiriladi.

Hamkorbank faoliyatiga xalqaro e’tirof

Tadbir davomida Hamkorbankning yaşil moliyalaştiriş sohasidagi faoliyati ham xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Bank hududlarda faoliyat yuritayotgan kiçik va örta biznes subyektlarini yaşil moliyalaştiriş orqali qöllab-quvvatlaş hamda uşbu yönalişdagi yetakçiligi uçun maxsus e’tirofga sazovor böldi. Bu e’tirof bankning xalqaro hamkorlikni rivojlantiriş, tadbirkorlik subyektlarining zamonaviy va ekologik samarali texnologiyalarga investitsiya kiritiş imkoniyatlarini kengaytiriş borasidagi izçil faoliyatining natijasidir.

Oxirgi yangilanish sanasi: 30.10.2026