«HAMKORBANK: KECHA, BUGUN VA ERTAGA»
20.09.2013
4 daqiqa
19 sentabr kuni Toshkent shahrining «Poytaxt» xalqaro biznes markazida «Hamkorbank»: kecha, bugun va ertaga" mavzuidagi matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Tadbir «Hamkorbank» ochiq aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan amalga oshirilayotgan rebrending ishlari bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, iste’molchilar uchun sodda va qulay bo’lgan, jozibadorlikni oshiradigan yangiliklarni joriy etish, bozor munosabatlari sharoitidagi o’zgarishlarga hamohang bo’lish, o’z uslubini yanada zamonaviy tusda yangilash orqali imijini mustahkamlash, brendning o’ziga xosligini ta’minlash, xizmat ko’rsatish darajasini yuksaltirish hamda yangi mijozlarni jalb qilish bank tomonidan amalga oshirilayotgan rebrending siyosatining asosiy maqsadi hisoblanadi. Endilikda «Hamkorbank» biznes jarayonlarining nafaqat takomillashgan yo’liga o’tmoqda, balki bu orqali marketing asosidagi boshqaruv aloqalari tizimiga ham qadam qo’ymoqda.
Bank o’z oldiga qo’yayotgan maqsadlarga erishishida chakana va korporativ yo’nalishdagi mahsulotlar doirasini kengaytirayotgani va ularni tobora takomillashtirish evaziga xizmat ko’rsatish sifatini yuksaltirayotgani muhim omil bo’lmoqda. Bu esa bank uchun faoliyat samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda.
Yangi uslub — bankning yaqin bir necha yilga mo’ljallangan rivojlanish strategiyasini hayotga tatbiq etish yo’lidagi navbatdagi qadami deya baholash mumkin. Asosiy vazifalar — mijozlarga yangi imkoniyatlar taqdim etish, zamonaviy mahsulotlar va texnologiyalarni joriy qilish, biznes jarayonlarni takomillashtirishdan iborat. Bir so’z bilan aytganda, mijozlarga yanada yaqin bo’lish — faoliyatning bosh mezonidir.
«Hamkorbank» logotipining maxsus uslubi va ranggi ikki tomonlama mijoz va bank o’rtasidagi biznes- munosabatlarni, xususan, o’zaro maqsad sari hamkorlikda intilish, istiqbolni oldindan ko’ra bilish va, pirovardida, faoliyatda samaradorlikka erishishni aks ettiradi.
Ikki yondosh chiziqlar esa barqarorlik, hamkorlik va o’zaro bir-birini tushunishni anglatsa, ularning o’ng tomonga qiya holda, pog’onali tarzda joylashgani uzluksiz rivojlanish, o’zaro manfaatli biznes-munosabatlarning uzoq muddatga asoslanganligi, yuqori marralar sari dadil odimlash kabi jihatlarni ifoda etadi.
Bankning maxsus belgilariga yashil rangni tanlanishi hayot va tabiat, gullab-yashnash, to’kinlik va barqarorlik kabi tushunchalar bilan bog’liq.
Bank belgisining lo’nda va sodda qilib ishlanishida samaradorlik, mijozlarning biznes va moliyadagi murakkab jarayonlarni hal qilishiga bankning doimo tayyor turishi hamda ko’maklashishi kabi mazmun-mohiyat nazarda tutiladi.
«Birgalikda yuksalish sari!» shiori esa bank o’z faoliyatida eng yuqori marralarga erishish yo’lida harakat qilishi, mijozlarning xohish va talablarini o’z vaqtida qondirishga e’tibor qaratishidan darak beradi.
Bankning rebrending siyosatiga bag’ishlab tashkil etilgan mazkur tadbirda «Hamkorbank» mijozlari ham so’zga chiqib, bank haqida o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi. «Tiki Trailer» O’zbekiston-Estoniya qo’shma korxonasi bosh direktori Hamid Aziz-Qoriev quyidagilarni ta’kidlab o’tdi:

-Yuklarni tashishga ixtisoslashgan korxonamiz erishayotgan muvaffaqiyatlarda «Hamkorbank»ning hissasi katta. Bank bilan o’zaro amaliy hamkorligimiz natijasida korxonada 200 ta yangi ish o’rinlari tashkil etildi. O’ylaymanki, bank bilan manfaatli asosga qurilgan va faoliyat istiqbolini ta’minlayotgan korxonalar respublika bo’ylab ko’plab topiladi. Shu bois, bank jamoasiga tezkorlik asosida ko’rsatilayotgan sifatli xizmatlar uchun tashakkur izhor qilaman.
Umuman olganda, bank rebrendingining asosiy maqsadi- mijozlarga xizmat ko’rsatishda korporativ standartlarni ishlab chiqish xodimlar professionalligini oshirish va albatta, mijozlarfa yo’naltirilgan faoliyatni olib borishdan iborat. Bank mijozlar talab va ehtiyozini oldindan ko’ta bilish va ularga yetarli shart-sharoitlarni yaratishga intiladi.