«HAMKORBANK» OATB AKSIYADORLARINING YIG’ILISHI
01.05.2013
3 daqiqa
2013 yilning 30 aprel kuni Andijon shahridagi «Hamkor» Xalqaro biznes markazida «Hamkorbank» OATBning 2012 yildagi faoliyati yakunlariga bag’ishlangan aksiyadorlarning umumiy yig’ilishi bo’lib o’tdi.
Yig’ilishni «Hamkorbank» OATB Kengash raisi Ikrom Ibragimovich kirish so’zi bilan ochib berdi. Shundan so’ng kun tartibidagi masalalar yuzasidan Bank Kengashi, Boshqaruvi, Taftish komissiyasi raislari hamda moliya departamenti va Operatsion departament direktorlarining ma’ruza va hisobotlari tinglandi.

Ma’ruzachilarning chiqichlari orqali aksiyadorlar bank faoliyatidagi asosiy ko’rsatkichlar natijasidan boxabar bo’ldilar. Aktiv, Kapital, Foyda, Omonat va depozitlar, jismoniy va yuridik shaxslar uchun Kredit qo’yilmalar bo’yicha berilgan hisobotlarga ko’ra aksiyadorlar bank faoliyatiga ijobiy baho berdilar.
Aytish joizki, bugungi kunda «Hamkorbank» OATB O’zbekistonning barqaror rivojlangan, ishonchli moliya muassasalaridan biridir. «Moody's» xalqaro agentligi tomonidan bankka nisbatan milliy valyutadagi depozitlar reytingi B1 hamda xorijiy valyutadagi depozitlar reytingi esa B2 va barcha reytinglar bo’yicha prognoz «barqaror» deya baholangani ham bejiz emas.

OATB «Hamkorbank»da Respublikada birinchilardan bo’lib mukammal shakllangan Korporativ boshqaruv tizimi yaratildi. Bank Kengashining asosiy a’zolari Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi ekanligi fikrimiz isbotidir. Aksiyadorlar manfaatini himoya qilish uchun Kengashga mustaqil a’zolar tanlash Bank Nizomida alohida belgilab qo’yilgan. Yig’ilish asnosida bank kengashiga a’zolar nomzodlari qo’yildi. Ular orasida Bank-moliya tizimidagi ko’p yillik tajribaga ega bo’lgan Bendien Entoni Pol Tekla ham bor edi. Bu esa Bank tarixida ilk marotaba xorijlik fuqaroning Kengash a’zoligiga qabul qilinishidir.
Shuningdek, yig’ilish davomida aksiyadorlar fikr-mulohazalarini bildirib, o’zlarini qiziqtirgan savollarga bank rahbariyatidan batafsil ma’lumot oldilar. 2010 yildan buyon «Hamkorbank» aksiyadori bo’lib kelayotgan Xalqaro Moliya Korporatsiyasi vakili ham bank faoliyati hamda 2012 yilni muvaffaqiyatli yakunlangani haqida iliq fikrlar aytib, Bank rahbariyatiga kelgusi ishlarida omad va zafarlar yor bo’lishini tiladi.
Umumiy aksiyadorlar yig’ilishida kun tartibiga qo’yilgan masalalar bo’yicha ovoz berish byulletenlar yordamida belgilanishi tashkil etildi.

Mazkur tadbir yakunida aksiyadorlar bayram dasturxoni hamda teatrlashtirilgan musiqali dastur namoyish etildi.