Matbuot markazi
/
Yangiliklar
/
"Hamkorbank" OATB "Innovatsion g’oyalarni qo’llab-quvvatlashga intiluvchan eng yaxshi bank" va "Xorijiy kredit liniyalarini jalb etayotgan eng yaxshi bank" nominatsiyalari g’olibi

«Hamkorbank» OATB «Innovatsion g’oyalarni qo’llab-quvvatlashga intiluvchan eng yaxshi bank» va «Xorijiy kredit liniyalarini jalb etayotgan eng yaxshi bank» nominatsiyalari g’olibi

14.04.2014
3 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

9−10 aprel kunlari poytaxtimizda «BANKEXPO-2014» bank texnologiyalari, uskunalari va xizmatlari yettinchi an’anaviy ko’rgazmasi bo’lib o’tdi. Unda tijorat banklari, kredit uyushmalari va mikrokredit tashkilotlari assosiatsiyasi, lizing kompaniyalari bilan bir qatorda bank texnologiyalari va dasturlari ishlab chiqarish hamda xizmat ko’rsatishga ixtisoslashgan IT korxonalar ham ishtirok etdi.

Tadbir «Sog'lom bola yili» Davlat dasturi ijrosini ta’minlash yo’lida olib borilayotgan ishlar va tadbirkorlik sub’ektlariga taklif etilayotgan bank mahsulotlari va xizmatlari keng jamoatchilikka havola qilingani bilan ahamiyatli bo’ldi. Mazkur tadbirda «Hamkorbank» OATB faol ishtirok etdi.
Ko’rgazma doirasida «Hamkorbank» tadbirkor va kasb-hunar kollej bitiruvchilari o’rtasida biznes loyihalar bo’yicha o’tkazilgan tanlov g’oliblarini taqdirladi. «Qishloq xo’jaligidagi eng istiqbolli loyiha»: «BAHTIYOR IXTIYOR FISHER» fermer xo’jaligi (Chinoz filiali); «Qishloq hududida ishchi o’rin yaratish loyihasi»: «PO'LATXONOV ZUXRIDDIN ZIYOVUDDIN O’G’LI» dehqon xo’jaligi (Olmaliq filiali); «Eng samarali biznes reja»: «Tadjibaev Rixsitilla Nigmatullaevich» dehqon xo’jaligi (Yangiyo'l filiali); «Brooklyn Lider Business» MChJ (Aviasozlik filiali); «ESKI IQON» xususiy firmasi (Toshkent filiali); «Yoshlar uchun ishchi o’rin tashkil qilish loyihasi»: «SCARLET DIAMOND» MChJ (Chilonzor filiali); «Innovatsion loyiha»: «Gulruhsori furniture» MChJ rahbari (Olmaliq filiali), Adilov Zafar, yakka tartibdagi tadbirkor (Aviasozlik filiali), «GLAS SILVER» MChJ (Toshkent filiali); «Ishlab chiqarishda eng istiqbolli loyiha»: «Storm Group» MChJ (Yakkasaroy filiali); «Kollej bitiruvchisining eng samarali loyihasi»: «Parkent Muzaffar» MChJ rahbari (Yakkasaroy filiali); «Eng yosh ayol — tadbirkor»: Tursunbaeva Maftuna Shuxrat qizi (Yangiyo'l filiali) kabi nominatsiyalar bo’yicha 12 nafar tadbirkorga sertifikatlar topshirildi.
Ko’rgazma nihoyasida mamlakatimizda tadbirkorlikni moliyaviy-quvvatlash, mikromoliyaviy xizmatlarni kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ta’lim muassasalari bitiruvchilarining tadbirkorlik loyihalarini, shuningdek innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda alohida o’rnak ko’rsatgan va yetakchi xalqaro reyting agentliklarining yuqori reyting baholariga muntazam erishib kelayotgan banklar diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
Unga ko’ra, «Hamkorbank» OATB — «Innovatsion g’oyalarni qo’llab-quvvatlashga intiluvchan eng yaxshi bank» va «Xorijiy kredit liniyalarini jalb etayotgan eng yaxshi bank» nominatsiyalari bo’yicha g’olib sifatida e’tirofga sazovor bo’ldi.
Bank xodimlarining mijozlar bilan ishlash uslublarini takomillashtirish, zamonaviy bank xizmatlarini amaliyotga joriy qilish doirasidagi sa’y-harakatlari natijasida Mijoz va Bank hamkorligi kundan-kunga samarali va qulay bo’lib bormoqda. Innovatsion bank tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, mijozlariga yangi va zamonaviy bank mahsulotlarini taqdim etishda «Hamkorbank» istiqbolda ham ilg’orlar safida bo’ladi.
Oxirgi yangilanish sanasi: 17.04.2026