«Hamkorbank» OATB Toshkent Moliya Instituti bitiruvchilari o’rtasida o’tkazilgan «Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi» tanlovi g’oliblarini taqdirladi
15.07.2013
2 daqiqa
Shu yilning 10 iyul kuni «Hamkorbank» ochiq aksionerlik tijorat banki va Toshkent moliya instituti hamkorligida o’tkazilgan «Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi» tanlovi g’oliblarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Toshkent moliya instituti bank sohasiga malakali kadrlar yetkazib beruvchi yetakchi institut hisoblanadi. Shu bois Hamkorbank ham ko’p yillardan buyon Institut bilan o’zaro hamkorlik qilib kelmoqda. Oxirgi besh yilda Toshkent moliya institutidan 234 nafar bitiruvchi tanlov asosida bank filiallariga ishga taklif etilgan bo’lsa, 2013 yilda 79 nafar nafar bitiruvchi tanlovdan muvaffaqiyatli o’tib, bank filiallariga ishga joylashmoqda. Bankning kadrlar siyosatiga asosan tanlab olingan yosh xodimlarni o’z imkoniyatlarini to’liq namoyon qilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan va xizmat pog’onalaridan bosqichma-bosqich o’stirish rejasi ishlab chiqilgan.
2009−2012 yillarda institut bitiruvchilaridan 50 nafariga «Hamkorbank» stipendiyasi joriy qilindi va bir o’quv yili davomida berib borildi. 2012−2013 o’quv yilida tanlovdan o’tgan 10 nafar bitiruvchiga «Hamkorbank» stipendiyasi taqdim etildi. Bundan tashqari, «Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi» tanlovini o’tkazish va g’oliblarni taqdirlash ham bank va institut hamkorligidagi ezgu an’analardan biri. Bu yilgi tanlovda institut talabalaridan Dono Nazarovaning «Bank xizmatlari rivojlanishining jahon tajribasi va uni O’zbekistonda qo’llash imkoniyatlari», Begijon Axmedovning «Tijorat banklarining passiv va aktiv operatsiyalari auditi», Bahodir Abdumannonovning «Bank ichki nazoratining tashkil etilishi va uning iqtisodiy samaradorligi» mavzusi yozilgan bitiruv malakaviy ishlari eng namunali deb topildi. Mazkur tanlovning muhim jihatlaridan biri shuki, unda yoshlarga bank sohasida malakali mutaxassislar bo’lib kamol topishida bilim va saboq bergan ustozlari ham e’tibordan chetda qolmadilar. G’olib talabalar va ularning ilmiy rahbarlari «Hamkorbank»ning diplomi va maxsus sovriniga sazovor bo’ldilar.
Kelgusida ham bank va institut hamkorligidagi bu kabi tanlovlar yana davom etadi.