Matbuot markazi
/
Yangiliklar
/
"HAMKORBANK" OATBda "Ochiq eshiklar kuni"

«HAMKORBANK» OATBda «Ochiq eshiklar kuni»

02.01.2014
3 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

«Hamkorbank» ochiq aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan yangi rekonstruksiya qilingan Asaka, Xo’jaobod, Qo’rg’ontepa va Jalaquduq filiallarida «Ochiq eshiklar kuni» o’tkazildi.

Tadbirlarda ta’kidlanganidek, «Hamkorbank» OATB o’z faoliyatida mijozlar uchun qo’shimcha qulayliklar yaratish maqsadida yurtimiz hududida o’z filiallari tarmog’ini kengaytirish, sifatli, zamonaviy, kompleks bank xizmatlarini taqdim etish yo’li bilan uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, biznes jarayonlarini optimallashtirish bank ofislarida mijozlariga qulay sharoitlar yaratish, ular orqali mijozlarga zamonaviy bank mahsulotlari va xizmatlari taqdim etish, innovasion uslub va zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalangan holda yangi xizmat turlarini joriy etishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qarab kelmoqda. Hozirda bank tarkibida respublikamizning 14 ma’muriy hududining barchasini qamrab olgan katta doiradagi filiallar tarmog’i mavjud. Xususan, bankning jami 28 filiali, 154 ta mini-banki, 2 ta vakolatxonasi, 18 ta aholidan turli to’lovlarni qabul qilish shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. Birgina Andijon viloyati hududida 8 ta filial aholi uchun keng ko’lamdagi bank xizmatlarini ko’rsatib kelmoqda.
— «Hamkorbank» OATBning Andijon viloyatidagi jismoniy shaxslar va korporativ mijozlar uchun barcha turdagi bank xizmatlari ko’rsatiladi, — deydi bankning biznesni rivojlantirish departamenti direktori A.Ibragimova. — Bankimiz tomonidan tarmoqlar faoliyatining kengaytirilishi hamda mavjud filiallarni jahon standartlari darajasida rekonstruksiya qilishda asosan mijozlarning bank mahsulotlariga bo’lgan ehiyoji inobatga olinib, bu orqali ularning faoliyat barqarorligini ta’minlash yo’lida yuksak sifatli xizmat ko’rsatishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Zamonaviy qiyofa kasb etgan filiallar kerakli bank jihozlari va texnologiyalari bilan ta’minlangan. Filiallar binosi yorqin dizaynda bunyod etilgan bo’lib, «Hamkorbank»ning korporativ uslubiga to’la hamohangdir va o’zida mijozlar uchun ko’pgina qulayliklar va ishbilarmonlik muhitini mujassam etgani bilan alohida ahamiyatlidir.
Filiallarda mijozlar uchun xizmat ko’rsatish sifatini oshirish maqsadida elektron navbat tashkil qilingan. Shuningdek, mijozlar bank xizmatlari va mahsulotlari bo’yicha kerakli ma’lumotlarni olishi uchun infokiosk xizmati yo’lga qo’yilgan.
Shu o’rinda qayd etish joizki, «Hamkorbank» mijozlarga har tomonlama qulayliklar yaratish maqsadida zamonaviy xizmat turlarini amaliyotga kengroq joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunga hisob raqamni masofadan turib boshqarish imkonini beruvchi «Internet-banking», «Mobayl-banking» hamda yuridik shaxslar uchun «SMS-banking» xizmat turlari yorqin misoldir.
Umuman aytganda, «Hamkorbank» OATB filiallar faoliyatini rivojlantirish asosida moliyaviy infratuzilmasini yaxshilash va shu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojiga munosib hissa qo’shish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yuridik va jismoniy shaxslarni moliyaviy qo’llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Tadbirlarda bank mijozlari, OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Oxirgi yangilanish sanasi: 17.04.2026