«Hamkorbank» ochiq aksiyadorlik tijorat banki hamda Toshkent moliya institutining o’zaro hamkorligi yuksalmoqda
17.12.2012
2 daqiqa
Joriy yilning 14 dekabr kuni Toshkent moliya instituda bitiruvchi talabalar uchun «Kar'yera kuni» yuqori saviyada o’tkazildi. Ushbu tadbirda respublikamizda ko’zga ko’ringan yetakchi bank vakillari tomonidan bank-moliya bozoridagi imkoniyatlari, kadrlar siyosati va yosh mutaxassislar bilan ishlash borasidagi faoliyatini aks ettiruvchi ko’rgazmalari namoyish etildi.
«Hamkorbank» ochiq aksiyadorlik tijorat banki vakillari ham «Kar'yera kuni» institutning yuqori reyting ballari bilan tamomlayotgan bitiruvchilarini bankning ishga qabul qilish bo’yicha Tanlov komissiyasi suhbatiga taklif etdilar.
Ma’lumki, bank sohasiga malakali kadrlar yetkazib beruvchi tayanch iqtisodiy oliy o’quv yurtlaridan biri sifatida tanilgan Toshkent moliya instituti bilan «Hamkorbank» ochiq tijorat banki ko’p yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda.
«Hamkorbank» boshqaruvi va Toshkent moliya instituti Ilmiy kengashi tomonidan 2009 yilda imzolangan qo’shma qaror asosida «Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi», «Eng yaxshi iqtidorli talaba», «Eng yaxshi bank xizmati g’oyasi» nominatsiyalari bo’yicha tanlovlar o’tkazilishi va g’olib talabalar bank tomonidan rag’batlantirib borilishi yo’lga qo’yilgan. «Eng yaxshi bitiruv malakaviy ishi» tanlovi bo’yicha oxirgi uch yilda 6 nafar tanlov g’olibi va ularning ilmiy rahbarlari bank tomonidan mukofotlar bilan taqdirlandi. 2009−2011 yillarning o’zida 34 nafar institut bitiruvchilari bir o’quv yili davomida moddiy tomondan qo’llab-quvvatlandi. O’tib borayotgan yilda 15 nafar bitiruvchi talaba «Hamkorbank» stipendiyasini olishga muvaffaq bo’ldilar. 2008 yildan shu bugungi kunga qadar 234 nafar institut bitiruvchilari tanlov asosida tanlab olindi va ayni paytda ular «Hamkorbank»ning respublikamizdagi filiallarida mehnat faoliyatini olib borishyapti. Yosh xodimlarga o’z imkoniyatlarini to’liq namoyon qilishlari uchun barcha bankda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.