O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 17 yanvardagi majlisida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo’nalishlaridan kelib chiqib, joriy yilning 21 fevral kuni Andijon shahrida «Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va yanada rag’batlantirish borasida 2014 yilda bank tizimida amalga oshirilishi lozim bo’lgan dolzarb vazifalar» mavzusida tadbir bo’lib o’tdi.
Ushbu tadbirda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirkorlar va kollej bitiruvchilari ishtirokida bo’lib o’tgan mazkur tadbirda «Hamkorbank» OATB ham faol qatnashdi. Bank tomonidan mijozlarga kreditlar hamda turli bank xizmatlari taklif etildi.
Bugungi kunda bank-moliya sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, aholiga yangi bank xizmati ko’rsatish, ularga qator yengillik va qulayliklar yaratish dolzarb vazifa sanaladi. Natijada vaqt va masofani tejash, bank va mijoz o’rtasida tezkor aloqalarni o’rnatish yuzaga keladi. Ko’rgazmada «Hamkorbank» tomonidan aynan mana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
— Ayni paytda muassasamizda mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida interaktiv bank xizmat turlaridan keng foydalanmoqdamiz, — deydi «Hamkorbank» OATB Amaliyot boshqarmasi front ofis boshlig’i Hayotbek Ergashev. — Xususan, «mobayl banking», «internet banking», «sms banking» xizmatlaridan mijozlar mamnun bo’lishmoqda. Tadbirda yana ko’plab yangi interaktiv bank xizmatlari bilan ishtirok etayapmiz.
Shuningdek, tadbir yakunida «Eng samarali biznes reja» nominasiyasi bo’yicha g’olib bo’lgan «Hamkorbank» mijozlari — Asaka shahrilik yakka tartibdagi tadbirkor Shuhrat Sayfuddinovga aylanma mablag’larni to’ldirish uchun 40 mln. so’m hamda Xo’jaobod tumanidagi «To'rabek Omad Yulduzi» xususiy korxonasiga ishlab chiqarish dastgohlari sotib olish uchun 25 mln. so’m miqdorida kreditlar olish imkonini beruvchi sertifikatlar topshirildi.