«HAMKORBANK» XODIMLARI «GARP» SERTIFIKATI OLISH UCHUN SINOVDAN O’TDILAR
Yirik Xalqaro risk professionallari assosiatsiyasi (GARP- Global Association of Risk Professionals) yilda ikki marta dunyo miqyosida moliyaviy risk-menejerlari uchun (FRM- Financial Risk Manager) sertifikatlar topshirish maqsadida imtihon o’tkazadi. Bu sertifikat tavakkalchiliklarni boshqarish sohasidagi butunjahon tan olgan hujjat hisoblanadi.
2013 yilning 27 aprel kuni Toshkent shahrida mazkur nufuzli sertifikatga ega bo’lish uchun imtihon bo’lib o’tdi. Jahon banki va xalqaro risk professionallari assosiatsiyasi (GARP- Global Association of Risk Professionals) a’zosi hisoblangan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) tomonidan tavakkalchilikni sertifikatlash dasturi doirasida tashkil etilgan bu sinovda «Hamkorbank» OATB mutaxassislari ham ishtirok etdilar. Ular imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, sohasining xalqaro darajagi malakali mutaxassislari ekanini namoyon etdilar.
Endi «Hamkorbank» xodimlari GARP sertifikati sohiblari bo’lish bilan birga dunyoning 195 davlatidagi banklar, investitsiya kompaniyalar, hukumat idoralari, ta’lim muassasalari hamda turli korporatsiyalarning 150 mingdan ziyod tavakkalchiliklarni boshqarish sohasi mutaxassislarini atrofida birlashtirgan risk-menejerlar xalqaro jamiyatiga kirish sharafiga muyassar bo’ladilar.
Eslatib o’tish joizki, Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda GARP o’rtasida «Bank tavakkalchiliklari asosi» yo’nalishida mutaxasislarni tayyorlash bo’yicha shartnoma bundan ikki yil avval mart oyida imzolangan edi. Mazkur dastur Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qirg’iziston, Tojikiston, Moldova, Rossiya, Ukraina hamda O’zbekiston kabi Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning 9 ta davlatida amalga oshirilmoqda.