Hamkorlik ko’lami kengaymoqda
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo’yicha jamg’arma kassalari fondi delegatsiyasi Andijon viloyatida ham bo’lib, hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo’yicha jamg’arma kassalari fondi OATB «Hamkorbank» bilan mana bir necha yildirki xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, 2010 yilda mazkur Fond tashabbusi bilan O’zbekiston xotin-qizlar qo’mitasi hamda OATB «Hamkorbank»o'rtasida qayta tiklanuvchi kredit fondini tashkil etish yuzasidan kelishuv imzolangan edi. Ushbu kelishuvga asosan Farg’ona viloyatida o’z faoliyatini yo’lga qo’yayotgan tadbirkor ayollarga, oilaviy korxonalarga 100 000 Yevro miqdorida mikrokreditlar ajratildi.
Kuni-kecha Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo’yicha jamg’arma kassalari fondi delegatsiyasi yana Andijon viloyatida bo’lishib OATB «Hamkorbank» Kengashi va boshqaruvi a’zolari bilan uchrashishdi.
Uchrashuv davomida Fond va OATB «Hamkorbank» hamkorligini yanada rivojlantirish, buning natijasida hududlarda xotin-qizlar tadbirkorligini moliyaviy tomondan qo’llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy savodxonligini yuksaltirish, oilaviy biznes sohasida bilim va kasb egallashiga ko’maklashish masalalari muhokama etildi.
Tadbir so’ngida delegatsiya a’zolari uchun OATB «Hamkorbank» faoliyati va imkoniyatlari yuzasidan tayyorlangan maxsus taqdimot namoyish etildi.
Bank Axborot xizmati