Eksport, moliyaviy barqarorlik va yangi mijozlar: «Hamkorbank» hamkorlik memorandumini imzoladi
Mijozlar va biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash sari navbatdagi qadam — «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki va O‘zbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasi (O‘MIHU) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Ushbu bitimga binoan, tomonlar o‘z faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy qiyinchilik tufayli kredit muammosiga duch kelgan bank mijozlarining moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish, eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, O‘MIHU orqali bankka yangi mijozlarni jalb qilishni ko‘zda tutgan.
Mazkur hamkorlik doirasida bank mijozlari — tadbirkorlik subyektlari uchun kreditlarni qayta ko‘rib chiqish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, eksport kreditlari va kafolat xizmatlarini taqdim etish, qo‘shma seminar va forumlarni tashkil etish kabi tashabbuslar amalga oshiriladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, memorandum faqat moliyaviy sohada emas, balki ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, innovatsion va investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, hamda O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.