JISMONIY SHAXSLARNING XALQARO PUL O’TKAZMALARI TO’G’RISIDA
01.04.2014
2 daqiqa
Bugungi kunda O’zbekiston Respublikasining tijorat banklari jismoniy shaxslarning xalqaro pul o’tkazmalarini amalga oshiruvchi ko’plab xorijiy to’lov tizimlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Ba’zi to’lov tizimlari kapitalining amalga oshirayotgan operatsiyalari hajmiga nisbatan nomutanosibligi hamda reyting ko’rsatkichlarining pastligi ular tomonidan o’z moliyaviy majburiyatlarini bajarmaslik xavfi mavjudligidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan, respublika banklari va aholisining ehtimoliy yo’qotishlarini oldini olish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan jismoniy shaxslarning xalqaro pul o’tkazmalarini pul mablag’lari butligini kafolatlovchi shartlarda amalga oshirish tartibi joriy qilindi. Jumladan, yuqori kredit reytingiga ega bo’lmagan to’lov tizimi operatorlari avans to’lovlarini amalga oshirishlari yoki sug’urta depozitlarini joylashtirishlari yoxud bank kafolatlarini taqdim qilishlari shart.
Respublika banklari bir qator to’lov tizimi operatorlari bilan operatsiyalarni yuqoridagi talablarga muvofiq o’tkazish bo’yicha kelishuvga erishdilar, shu munosabat bilan, jismoniy shaxslarning xalqaro pul o’tkazmalari odatdagi tartibda amalga oshiriladi.
Hozirgi vaqtda va bundan keyin ham O’zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarning xalqaro pul o’tkazmalari hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi hamda fuqarolarga pul mablag’lari qaysi valyutada o’tkazilgan bo’lsa, xuddi o’sha valyutada beriladi.