Kadrlar zahirasini — bank raqobatdoshligini oshirishning muhim omili
2015 yilning 5−7 avgust kunlari «Xalqaro Hamkor Biznes Markazi» binosida «Hamkorbank» ATBning Xodimlar bilan ishlash Departamenti, bankning ayrim filiallari Xodimlar bilan ishlash menejerlari, shuningdek boshqa tuzilmalarning 20 nafar rahbar va malakali mutaxassislari uchun «Kadrlar zahirasini shakllantirish — kompaniya raqobatdoshligini oshirishning muhim omili» mavzuida Seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur Seminar-trening ishida Rossiya davlatining Moskva shahrida faoliyat yurituvchi «City business school» O’quv Markazi maslahatchi-treneri Iqtisod fanlari nomzodi, Xodimlar bilan ishlash yo’nalishi bo’yicha maslahatchi — Olga Arturovna Bodrova ishtirok etdi.
Seminar-trening ishi doirasida asosiy mavzu 6 ta muhim yo’nalishlarga bo’lingan holda o’rganilib, amaliyotda yuzaga keladigan masalalar o’rtaga tashlandi, muhokama qilindi. O’z navbatida, mavzu doirasida kadrlar zahirasini tashkil qilish, karera va uning turlari, zahiraga bo’lga ehtiyoj va uni aniqlash, kompetentsiyalar turlari, zahira uchun nomzodlarni qidirish va tanlash, rivojlantirish guruhlarini tashkil qilish hamda zahiraga olingan xodimlar bilan rejali ishlar tashkil qilish borasida amalga oshiriladigan choralar o’rganilib, bajarilishi lozim bo’lgan vazifalar belgilandi.
Mazkur Seminar-trening davomida mutaxassislar o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishlari bilan birga, amaliy ko’nikmalar hoisl qilishga undaydigan munozarali masalalar bo’yicha guruhlarga bo’lingan holda ishchi holatlar asosida mashqlar bajarishdi. Seminar-trening yakunlari bo’yicha ishtirokchilarga «City business school» O’quv Markazi nomidan maxsus sertifikatlar berildi.
Tashkil etilgan Seminar-trening bankda rahbar va muhim lavozimlar uchun zahiralar tarkibini shakllantirish bo’yicha samarali texnologiyalarni qo’llash, o’z bilimi va tajribasini oshirishni hohlovchi mutaxassislar, ayniqsa yoshlar bilan «Rivojlanish guruhlari» doirasida ish yuritish borasidagi erishilgan natijalarni yanada mustahkamlashga ijobiy ta’sir qilishi bilan birga, bankning mamlakatimiz moliyaviy xizmatlar bozorida barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.