Matbuot markazi
/
Yangiliklar
/
Korxonalar yangicha hayot kechirmoqda

Korxonalar yangicha hayot kechirmoqda

02.10.2013
5 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

Markaziy bank tomonidan Milliy matbuot markazida «Inqirozga qarshi choralar. Tijorat banklarining bankrot korxonalarni sog‘lomlashtirishdagi o‘rni» mavzuida ommaviy axborot xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Bundan besh yil avval boshlangan global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz bir qator mamlakatlar iqtisodiyoti, yirik transmilliy kompaniyalar, moliya institutlari faoliyatiga jiddiy zarba etkazdi, ishsizlar soni oshib, aholi daromadlari tushib ketdi. Ana shu sharoitda mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida ishlab chiqilgan Inqirozga qarshi choralar dasturi global inqiroz ta’sirini nafaqat yumshatish, balki milliy iqtisodiyotimizning izchil rivojlanishini ta’minlash va barqarorligini mustahkamlash asosi bo‘lib qoldi.

Mamlakatimiz tijorat banklari mazkur dastur doirasida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida modernizatsiya, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayonlarini faollashtirish, sifatli, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan zamonaviy moslashuvchan minitexnologiyalarni tadbiq etish, texnologik jarayonlarni ratsionalizatsiyalash, ishlab chiqarishda materiallar va elektr energiya sarfini hamda boshqa sarf-xarajatlarni kamaytirish hisobiga ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini keskin kamaytirish, ularning uzluksiz va samarali ishlashini ta’minlash, ularning asosli buyurtmanomalari bo‘yicha aylanma mablag‘larni to‘ldirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kredit resurslarini tezkor, shu jumladan, imtiyozli asosda ajratib berishga katta e’tibor qaratdilar.
Shu bilan birga tijorat banklarining salmoqli miqdordagi investitsiyalari va kredit resurslari iqtisodiyot real sektori korxonalarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayoniga yo‘naltirildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, tijorat banklarini zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish jarayoniga jalb qilish tajribasi o‘zini to‘la oqladi. Tijorat banklarining moliyaviy, tashkiliy imkoniyatlaridan iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirishda keng foydalanish mexanizmi yangilik bo‘lib, dunyo bank tajribasida qo‘llanilmagan edi. Ushbu usulga ko‘ra, tijorat banklari bankrot deb e’lon qilingan ishlab chiqarish korxonalarini auksion va tanlov savdolari orqali sotib oladilar; bunda banklar o‘z balansiga olgan bankrot korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va qayta tiklash, ularni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash hamda qayta jihozlashni ta’minlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qiladilar; keyinchalik banklar mazkur korxonalarni strategik investorlarga bozor qiymatida sotadilar.
Iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish mexanizmi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish barobarida, bankrotlik tufayli xizmatchilarga o‘z vaqtida berilmagan oylik maoshlarni, ta’til pullarini qoplab berishdek muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifani ham bajaradi.
2013 yilning 1 sentabr holatiga tijorat banklari balansiga 171 ta korxona qabul qilingan bo‘lib, ularni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun tijorat banklari tomonidan 442,6 mlrd so‘mlik miqdorida investitsiyalar kiritilgan. Bular, asosan kreditorlik qarzdorligi tarkibi 70 foizdan ortig‘ini bank krediti tashkil etgan, baholanish qiymati 2 mln AQSh dollaridan kam bo‘lmagan, unda 100 va undan ortiq ishchi o‘rinlari yaratish imkoniyati mavjud bo‘lgan, faoliyati hukumat tomonidan eng muhim topilgan hamda ishlab chiqaradigan mahsulotiga ichki va tashqi bozorda ehtiyoj bo‘lgan korxonalardan tarkib topgan.
Tijorat banklari investitsiyalari hisobiga 156 ta bankrot korxonaning ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 25 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Shu kunga qadar 122 ta korxona strategik investorlarga sotildi.
Faoliyati tiklangan korxonalarda bugunga qadar 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va 631,9 mln AQSh dollari miqdoridagi sanoat mahsulotlari yaqin va uzoq xorij mamlakatlariga eksport qilindi.
Kezi kelganda aytish o‘rinliki, qayta tiklangan korxonalarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishida hukumat tomonidan soliq va bojxona imtiyozlarining berilishi muhim o‘rin tutmoqda. Tijorat banklari tomonidan, shu jumladan boshqa investorlar ishtirokida yangidan tashkil etilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab, to strategik investorga sotilgunga qadar, uch yil mobaynida mol-mulk solig‘i, yagona soliq, daromad va er soliqlaridan ozod etiladilar. Bundan tashqari, faoliyati tiklangan va investorlar tomonidan sotib olingan korxonalarga ham soliq imtiyozlari berilgan.
Shu yilning 1 sentabriga qadar tijorat banklari balansida 49 ta korxona mavjud bo‘lib, ularning 34 tasida ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ularni yangi investorlarga sotish choralari ko‘rilmoqda. Qolgan 15 tasida esa texnologik liniyalarni tiklash, qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, tijorat banklari bundan keyin ham milliy iqtisodiyotni tuzilmaviy o‘zgartish, modernizatsiyalash, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash, iqtisodiy nochor va kam daromadli korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash jarayonlarida faol ishtirok etib boradilar.
Matbuot anjumanida boshqaruvchi kompaniyalar rahbarlari, investorlar ham ishtirok etdi va jurnalistlarning ko‘plab savollariga javob qaytardilar.
Manba O’zbekiston Resbublikasi Markaziy banki
Oxirgi yangilanish sanasi: 17.04.2026