Hamkorbank va OTB: Biznes va «yashil» iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi loyiha
Toshkent, O‘zbekiston (20-oktyabr 2024 y.) — «Hamkorbank» ATB va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) o‘rtasida mikro, kichik va o‘rta biznesni (MKO‘B) qo‘llab-quvvatlash, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish va ayollar tadbirkorligi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 625 milliard so‘m (50 million AQSH dollari ekvivalenti) miqdorida moliyalashtirishni jalb qilish bo‘yicha strategik bitim imzolandi. Mazkur kelishuv O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va inklyuziv taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida muhim qadamdir.
Moliyalashtirishning 80 foizi Toshkentdan tashqari hududlardagi kichik biznes subyektlarini rivojlantirishga sarflanadi. Bundan tashqari, mablag‘larning kamida 20 foizi ayollar egalik qiladigan yoki boshqaradigan korxonalarga, 10 foiz investitsiya esa «yashil» texnologiyalarga yo‘naltiriladi. Bu kabi sarmoyalar biznesning barqaror rivojlanishiga va iqlim o‘zgarishi sharoitida dolzarb bo‘lgan zamonaviy ekologik yechimlarni joriy etishga ko‘maklashadi.
Kichik biznes subyektlari O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, YAIMning 50 foizdan ortig‘ini tashkil etadi va aholining katta qismini ish bilan ta’minlaydi. Shu bois, ushbu sektorni qo‘llab-quvvatlash mamlakat iqtisodiyotida uzoq muddatli ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
OTB vakili bitimning ahamiyati haqida: «OTB O‘zbekistonning inklyuziv iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qat’iy sodiq. „Hamkorbank“ bilan bu hamkorlik qishloq joylardagi kichik biznes subyektlariga zarur bo‘lgan moliyaviy yordam ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayollar boshqaradigan korxonalarni qamrab olgan holda, ushbu loyiha jamiyatning keng qatlamlari uchun foydali bo‘ladigan uzoq muddatli inklyuziv o‘sishga hissa qo‘shadi».
«Hamkorbank» ATB raisi B. Jo‘rayev ushbu loyiha yuzasidan: «Bu hamkorlik Bankimizning mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlanish strategiyalariga bo‘lgan qat’iy intilishini yana bir bor tasdiqlaydi. OTBning moliyaviy ko‘magi orqali Bank kichik biznes subyektlarining o‘zgaruvchan ehtiyojlarini qondirishga va O‘zbekistonning yanada jadal hamda barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi».
Shuningdek, «Hamkorbank» moliyalashtirishning bir qismini eng chekka hududlardagi tadbirkorlar uchun kredit olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, tadbirkor ayollarga boshqaruv ko‘nikmalarini oshirish va tadbirkorlik faoliyatlarini kengaytirishda ko‘maklashuvchi o‘quv va maslahat dasturlari kuchaytiriladi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhitini yangi bosqichga olib chiqishi, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va «yashil» texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) o‘ta kambag‘allikni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, gullab-yashnagan, inklyuziv, barqaror va ekologik xavfsiz Osiyo hamda Tinch okeani mintaqasiga erishishga intilmoqda. 1966-yilda tashkil etilgan bank 68 ta a’zoga ega bo‘lib, ularning 49 tasi ushbu mintaqamiz vakillari.