Eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligini kamaytirish mexanizmi joriy etildi

Sizda eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzlari bormi? Ularni kamaytirish mexanizmi joriy etildi.
2026-yil 27-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tashqi savdo operatsiyalari natijasida yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitorlik qarzlarini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-176-sonli Farmoni qabul qilindi.
Biznes subyektlari uchun bu eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzlarini tartibga solishning qo‘shimcha mexanizmi joriy etilishini anglatadi.
Qanday qoidalar belgilangan?
2027-yil 1-yanvargacha amal qiladigan bir martalik chora tadbirkorga xorijiy xaridor tomonidan belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmaganligi sababli yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitorlik qarzini o‘z mablag‘lari hisobidan yopish imkonini beradi.
Ushbu mablag‘lar kelib tushgach:
— «E-kontrakt» tashqi savdo operatsiyalari axborot tizimidagi muddati o‘tgan debitorlik qarzi summasi tegishli miqdorga avtomatik ravishda kamaytiriladi;
— aktivlarni repatriatsiya qilmaganlik uchun jarimaning undirilmagan qismi kiritilgan mablag‘larga mutanosib ravishda hisobdan chiqariladi.
Bu kimlar uchun mo‘ljallangan?
Avvalo, quyidagi kompaniyalar uchun:
- tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni amalda eksport qilgan;
- belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirmagan xorijiy hamkorga ega bo‘lgan;
- «E-kontrakt» tizimida muddati o‘tgan debitorlik qarzdorligi qayd etilgan;
Ushbu taklif ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ustav kapitalida ushbu tashkilotlar ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Muhim eslatma
Ushbu maxsus taklif shartlari Farmon kuchga kirguniga qadar ya’ni 28 avgust 2026 yilgacha yuzaga kelgan qarzdorliklarga nisbatan tatbiq etiladi. Aksiya amal qilish muddati: 2027-yil 1-yanvargacha.
Ushbu farmon bo’yicha kirim qilingan mablag’lar ishlar va xizmatlar valyuta eksportidan kelib tushgan valyuta tushumi sifatida e’tirof etilmaydi hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha nol darajali stavka qo‘llanilishiga asos bo‘lmaydi.
Agar kompaniyangizda muddati o‘tgan eksport bo’yicha debitorlik qarzdorligi mavjud bo‘lsa, xizmat ko‘rsatuvchi bankingiz orqali PF-176 mexanizmining qo‘llanilishi va qarzdorlikni tartibga solish tartibini tekshirib ko‘rishni tavsiya qilamiz.