
Hamkorbank Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari bilan YTTBning GEFF dasturi doirasida intervyu
08 / 04 / 2026Hamkorbank Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Saidjon Shamsiddinov bilan YTTBning GEFF dasturi doirasida 2026 yilda investitsiyalarni amalga oshirish rejalari haqida intervyu
Biz Hamkorbank Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Saidjon Shamsiddinovga 3-aprel kuni bo‘lib o‘tgan, “Biznes uchun energiya samarador yechimlar” mavzusidagi seminar ortidan tashkil etilgan samimiy va mazmunli suhbat uchun minnatdorchilik bildiramiz. Ushbu tadbir Hamkorbank tomonidan YTTB bilan GEFF dasturi doirasida imzolangan kredit kelishuvi asosida energiya tejamkor va resurslarni samarali boshqaruvchi texnologiyalar hamda moliyaviy yechimlar bo‘yicha xabardorlikni oshirishga qaratilgan edi.
Alohida e’tirof joizki, Hamkorbank mamlakat bo‘ylab, ayniqsa hududlarda, mijozlar bilan uzoq muddatli va ishonchli hamkorlikni rivojlantirishga strategik darajada katta e’tibor qaratmoqda. Zamonaviy texnologiyalar va moliyalashtirish imkoniyatlariga kirish imkoniyati aynan shu hududlarda barqaror rivojlanish uchun muhim omil hisoblanadi.
Hamkorbankning moliyaviy resurslari va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan siyosati natijasida energiya samarador va “yashil” texnologiyalar tobora kengroq tadbirkorlar qatlamiga yetib bormoqda. Shu bilan birga, bank ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratib, GEFF dasturi doirasida ularga zamonaviy yechimlar va moliyalashtirish imkoniyatlarini taqdim etmoqda.
– Yaqinda YTTB bilan GEFF dasturi doirasida yangi transh imzolandi. Hamkorbank 2026 yilda ushbu resursni amalga oshirish bo‘yicha qanday strategik maqsadlarni belgilagan?
Saidjon Shamsiddinov: Hamkorbank uchun ushbu transh — bu yashil moliyalashtirish yo‘nalishidagi strategik rivojlanishimizning mantiqiy davomidir. 2026 yilda biz energiya samarador va “yashil” loyihalarni moliyalashtirish portfelini sezilarli darajada kengaytirishni hamda ushbu segmentdagi yetakchiligimizni mustahkamlashni rejalashtirmoqdamiz. Asosiy maqsadimiz — yashil texnologiyalarni biznes uchun istisno emas, balki odatiy amaliyotga aylantirishdir.
– Ushbu resursdan foydalanishda siz qaysi bozor tendensiyalarini inobatga olmoqdasiz?
Saidjon Shamsiddinov: Bugungi kunda biznes subyektlari orasida energiya xarajatlarini kamaytirish va samaradorlikni oshirishga bo‘lgan qiziqish barqaror o‘sib bormoqda. Elektr energiyasi narxining oshishi va ekologik talablarga rioya qilish zarurati korxonalarni “yashil” yechimlarni raqobat ustunligi sifatida ko‘rishga undamoqda. Shuningdek, xalqaro hamkorlar va investorlar ESG yondashuvlariga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda, bu esa mijozlarimizni ham ushbu talablar asosida faoliyat yuritishga undayapti. Natijada GEFF doirasidagi moliyalashtirishga bo‘lgan talab barqaror shakllanmoqda.
– Sizning rejalaringizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish qanday o‘rin tutadi?
Saidjon Shamsiddinov: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bizning ustuvor yo‘nalishlarimizdan biridir. Biz quyosh panellari o‘rnatish, isitish va sovitish tizimlarini modernizatsiya qilish, hamda korxonalarda energiya tejamkor uskunalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Ko‘plab kompaniyalar uchun bu nafaqat ekologik mas’uliyat, balki operatsion xarajatlarni sezilarli kamaytirish imkoniyatidir. GEFF texnik maslahatchilari va texnologiya yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni davom ettirib, mijozlarimizga ishonchli va samarali yechimlarni taqdim etamiz.
– Yashil moliyalashtirish va texnologiyalar hududlardagi mijozlar uchun qay darajada ochiq?
Saidjon Shamsiddinov: Biz uchun eng muhim tamoyillardan biri — yashil texnologiyalar faqat poytaxtda emas, balki barcha hududlarda mavjud bo‘lishidir. Hamkorbank keng filial tarmog‘iga ega va 2026 yilda hududiy bo‘linmalar faoliyatini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratamiz. Mahalliy mutaxassislarni o‘qitish, joylarda biznes uchun axborot tadbirlarini tashkil etish va masofaviy xizmat ko‘rsatish kanallarini rivojlantirish orqali ushbu imkoniyatlarni kengaytiramiz. GEFF dasturi loyihalarni butun respublika bo‘ylab moliyalashtirish imkonini beradi va biz hududlardagi tadbirkorlarni ushbu imkoniyatlardan faol foydalanishga undaymiz.
– GEFF dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri — ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash. Bu borada qanday tashabbuslar rejalashtirilgan?
Saidjon Shamsiddinov: Ayollarning biznesdagi ishtiroki mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim drayverlaridan biridir. Shu bois GEFF doirasida ayol tadbirkorlar uchun moliyalashtirish va kommunikatsiya yo‘nalishlarini alohida rivojlantirishni rejalashtirganmiz. Bu nafaqat moliyaviy resurslarga, balki zamonaviy texnologiyalar va uskunalarga kirishni ham o‘z ichiga oladi. Hududlarda treninglar va maslahat xizmatlarini kengaytirish orqali ayol tadbirkorlar uchun qulay va samarali muhit yaratishga intilamiz.
– Mijozlar bilan axborot va tushuntirish ishlari ushbu transhni amalga oshirishda qanday rol o‘ynaydi?
Saidjon Shamsiddinov: Mijozlar xabardorligini oshirmasdan turib, yashil moliyalashtirish salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish mumkin emas. “Biznes uchun energiya samarador yechimlar” seminari — bu faqat boshlanishi. 2026 yil davomida biz kommunikatsiya faoliyatiga katta e’tibor qaratamiz: mavjud texnologiyalar, moliyalashtirish mexanizmlari va muvaffaqiyatli loyihalar haqida keng ma’lumot beramiz. GEFF maslahatchilari bilan birgalikda seminarlar, vebinarlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda faol ish olib boramiz. Asosiy maqsadimiz — tadbirkorlarga yashil yechimlar nafaqat mavjud, balki iqtisodiy jihatdan samarali ekanini ko‘rsatishdir.
– Yakuniy natija sifatida 2026 yil oxiriga kelib nimani kutyapsiz?
Saidjon Shamsiddinov: 2026 yil yakuniga borib, mijozlarimizning sezilarli qismi ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilgan, energiya sarfini kamaytirgan va xarajatlarini optimallashtirgan bo‘lishini kutyapmiz. Qayta tiklanuvchi energiya loyihalari ulushi ortadi, shuningdek, moliyalashtirilgan loyihalar orasida ayol tadbirkorlar ulushi ham oshadi. Eng muhimi — Hamkorbank biznes uchun O‘zbekiston iqtisodiyotining yashil transformatsiyasida ishonchli hamkor sifatida mustahkam o‘rin egallaydi.





