«Bog'ishamol» universal bank xizmatlari ofisi yuzasidan ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan xabarga rasmiy munosabat
Instagram ijtimoiy tarmog’idagi «ali_bloger__» sahifasida «Hamkorbank» ATBning «Bog'ishamol» universal bank xizmatlari ofisida ko’rsatilgan xizmat yuzasidan xabar e’lon qilindi. Unda bir martalik to’lov uchun 1 foiz miqdorida bank xizmat haqi undirilgani ma’lum qilingan.
RASMIY MUNOSABAT
Mazkur holat Bank tomonidan zudlik bilan o’rganib chiqildi. Aniqlanishicha, mijoz Qarshi shahrida joylashgan nodavlat oliy ta’lim muassasasiga kontrakt to’lovini amalga oshirgan. Ushbu xizmat uchun xizmat haqi Bankning amaldagi Bosh tarifiga muvofiq undirilgan.
Bankning mas’ul xodimi mijoz bilan telefon orqali bog’lanib, xizmat haqining asosi va undirilish tartibi bo’yicha batafsil tushuntirish berdi. Hozirgi kunda mijozning Bankka nisbatan ochiq qolgan savollari mavjud emas.
Bank xizmatlari uchun xizmat haqlari Bankning tarif siyosati asosida belgilanadi. Mijozlarimizga to’lovni amalga oshirishdan oldin amaldagi tariflar bilan tanishib chiqishni, savollar yuzaga kelganda esa Bank xodimlari yoki aloqa markaziga murojaat qilishni tavsiya etamiz. Bankning amaldagi tariflari shaffof va bank rasmiy saytiga joylashtirilgan.
Hamkorbank mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va qulaylik yaratish ustida doimiy ish olib boradi. Bildirilgan murojaat va fikrlar bank faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.