Matbuot markazi
/
Rasmiy munosabatlar
/
Hamkorbank faoliyati haqidagi ma’lumotlarga raddiya

Hamkorbank faoliyati haqidagi ma’lumotlarga raddiya

12.10.2026
3 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

Joriy yilning 10-oktabr kuni «Soyalar xabari» Telegram kanalida e’lon qilingan «Hamkorbank» ATB faoliyati yuzasidan bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, go‘yoki qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgandek taassurot uyg‘otuvchi ma’lumotlarga

RADDIYA

Ushbu xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Mazkur xabarda bank faoliyatiga oid jiddiy da’volar ilgari surilgan bo‘lib, ular bank bilan aniqlashtirilmasdan va holatning barcha jihatlari tegishli hujjatlar asosida o‘rganilmasdan ommaga taqdim etilgan. Tekshirilmagan ma’lumotlarning bir tomonlama talqinda tarqatilishi jamoatchilikda bank faoliyati to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishi hamda «Hamkorbank» ATBning ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, bunday mazmundagi asossiz ma’lumotlar butun bank tizimiga nisbatan aholining noto‘g‘ri munosabatini shakllantirishga olib keladi.

Ta’kidlash joizki, bank va mijozlar o‘rtasidagi kredit munosabatlari, garov ta’minoti hamda mol-mulk bilan bog‘liq jarayonlar tegishli shartnomalar va amaldagi qonunchilik asosida tartibga solinadi. Bunday holatlarga huquqiy baho berishda shartnomaviy majburiyatlar, ularning bajarilish holati, tegishli hujjatlar va qonunchilikda belgilangan tartib-taomillar kompleks ravishda o‘rganilishi zarur. Shu bois, masalaning barcha jihatlarini aniqlamasdan turib, bank faoliyatiga nisbatan bir tomonlama xulosa chiqarish to‘g‘ri emas.

«Hamkorbank» ATB o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik va shartnomaviy munosabatlar talablariga muvofiq amalga oshiradi. Bank faoliyatiga oid har qanday masala yuzasidan xolis xulosa chiqarish uchun taxminlar yoki bir tomonlama da’volarga emas, balki ishonchli faktlar va tegishli hujjatlarga tayanish lozim.

Shu munosabat bilan, tekshirilmagan ma’lumotlarning tarqatilishi oqibatida bankning ishchanlik obro‘siga yetkazilgan zararni qoplash hamda «Soyalar xabari» Telegram kanali mas’ullariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish masalasi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilindi.

«Hamkorbank» ATB jamoatchilik, ijtimoiy tarmoq kanallari va ommaviy axborot vositalarini bank faoliyatiga oid ma’lumotlarni e’lon qilishda xolislik, axborotning ishonchliligini tekshirish hamda tegishli tomonlarning pozitsiyasini olish, shuningdek, axborotni xolis va mas’uliyat bilan yoritishga chaqiradi.

Bank o‘z faoliyatiga oid murojaat va savollarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga hamda o‘z vakolati doirasida rasmiy tushuntirishlar berishga tayyor. Qolaversa, jamoatchilikka haqqoniy, tekshirilgan ma’lumotlar taqdim etilishini muhim deb hisoblaydi.

Oxirgi yangilanish sanasi: 12.10.2026