Rasmiy munosabat
Joriy yilning 1-dekabr sanasida ijtimoiy tarmoqdagi «Antikorrupsiya» telegram kanalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Nurli keleshek ko‘chasi 13-uyda yashovchi fuqaro Kurbaniyazov Sapar Qudaybergenovich tomonidan e’lon qilingan murojaat yuzasidan
Munosabat
Axborotda bayon etilishiga ko‘ra, fuqaro Kurbaniyazov Sapar Qudaybergenovich 2025- yil 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasiga «Hamkorbank» Nukus shaxar filialidan 2023 yilda 23 000 000 so‘m miqdorida kredit olganligini, ushbu kreditni 2 oy to‘lab, keyin 2 yil davomida vaqtida to‘laya olmaganligini, ammo 2023 yil sentyabr oyida bank tomonidan kreditni undirish bo‘yicha sudga berilganligini, 2025 yilda otasining nomiga kredit olib asosiy qarzni so‘ndirilganligini, shunda ham nima sababdan foiz va penya hisoblanayaptiligi bo‘yicha aniqlik kiritishni so‘rab murojaat yo‘llagan.
Mazkur masala yuzasidan, «Hamkorbank» ATB Nukus MBXO tomonidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlik kiritishicha, Kurbaniyazov Sapar Qudaybergenovichga 2023 yil 6 mart kuni 23 500 000 so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli, bank tomonidan 2023 yil 29 sentyabr kuni qarzdorlikni undirish bo‘yicha sud buyrug‘i chiqarilgan. Notarius ijro varqasi va sud buyrug‘i chiqarilgandan so‘ng ham asosiy qarz bo‘yicha foiz va penya hisoblanishi to‘xtamasligi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 744-moddasi bilan belgilangan.
Shundan kelib chiqadiki, qarzdorlik belgilangan muddatlarda qoplanmaganligi natijasida qarz miqdori oshib borayotganligi, bank tushuntirishlaridan qoniqmaganlik holati bo‘lgan taqdirda, ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilishi mumkinligi fuqaroga tushuntirildi.
Hamkorbank har bir murojaat bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanib munosabat beradi. Mazkur holatda ham fuqaroga amaldagi huquqiy asoslar va hisob-kitob tartibi haqida to‘liq tushuntirishlar yetkazildi.