Rasmiy munosabat

04.01.2025
2 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

«Bastion» Telegram-kanalida 2025 yilning 3 yanvar sanasida e’lon qilingan murojaatga rasmiy

Munosabat

Ushbu xabarga javoban, shuni ta’kidlamoqchimizki, O‘zbekiston Respublikasining «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining «O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qaroriga asosan barcha qonuniy muomaladagi pul belgilari, jumladan eski va yangi namunalari, to‘lov vositasi sifatida qabul qilinishi shart. Bu qoida barcha moliya muassasalari uchun majburiydir.

Jumladan, Markaziy bank tomonidan berilgan rasmiy ma’lumotlarga asosan, hozirgi kunda mamlakatimiz hududida eski namunadagi 100 AQSh dollari nominalidagi (2009 yilgacha emissiya qilingan) banknotlarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q.

Bank kassalarida yangi hamda eski namunadagi pul belgilari mavjud bo‘lishi mumkin. Agar xizmat ko‘rsatish vaqtida yangi namunadagi pul belgilari kassada mavjud bo‘lmasa, mijozlarga qonuniy muomalada bo‘lgan eski namunadagi pul belgilari berilishi mumkin. Bu qonun doirasida amalga oshiriladigan standart amaliyotdir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, yuridik shaxslarning obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi va qonunbuzarlikka olib keladi. Eslatib o‘tamiz, Bank o‘z ishchanlik obro‘sini himoya qilish uchun qonuniy choralarni ko‘rish huquqiga ega.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, vaziyatni chuqurroq o‘rganish maqsadida Telegram-kanal administratorlariga murojaat qilinib, mijoz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish uchun kontakt ma’lumotlarini taqdim etishlari so‘raldi. Afsuski, administrator tomonidan Bankning ushbu so‘rovi javobsiz qolgani bois, mijoz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Mijozlardan faqat asosli axborotlarga ishonishlarini va savollar paydo bo‘lganda rasmiy aloqa kanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bankka murojaat qilishlarini so‘raymiz.

Oxirgi yangilanish sanasi: 17.04.2026