«Hamkorbank» ATB chorvachilik sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kredit liniyasini joriy etdi
«Hamkorbank» ATB chorvachilik sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan kredit liniyasini joriy etdi
Chet el kapitali ishtirokidagi «Hamkorbank» aksiyadorlik tijorat banki chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash, mikro, kichik va o‘rta biznes subyektlari hamda ushbu sohada yangi faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarni moliyalashtirishga qaratilgan kredit liniyasini yo‘lga qo‘ydi.
Barqaror loyihalarni moliyalashtirish maqsadida bank xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilmoqda. 2022-yil 7-iyuldagi shartnomaga asosan, Fransiya Taraqqiyot Agentligi (AFD) mablag‘larini qayta kreditlash orqali 10 mln yevro miqdorida, 10 yil muddatga kredit liniyasi jalb qilingan. Ushbu mablag‘ chorvachilik sohasida, xususan, qora mol va qo‘y sotib olish hamda tegishli faoliyatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Yuqori talabni inobatga olib, 5 mln yevro qo‘shimcha mablag‘ jalb etish bo‘yicha ham bitim imzolangan.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, AFD kredit liniyasi hisobidan 58 nafar mijozga jami 98,976 mlrd so‘m (taxminan 7 mln AQSH dollari) kredit ajratilgan, o‘zlashtirish darajasi 70%ni tashkil qiladi. Chorvachilik yo‘nalishida, jumladan, qora mol va qo‘y sotib olish uchun ajratilgan mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilgan.
Kredit liniyasi doirasida qishloq xo‘jaligi texnikalari, chorvachilik bino va inshootlari, sanitariya inshootlari, ozuqa ishlab chiqarish va chiqindi suvlarni qayta ishlash, energiya va suvni tejash texnologiyalari kabi barqaror loyihalarni moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sub-qarz oluvchilar — xususiy korxonalar, dehqon va fermer xo‘jaliklari, kichik va o‘rta biznes subyektlari, chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat yaratadigan davlat va xususiy tuzilmalar ishtirok etishi mumkin.
Kredit liniyasi iqlim va ekologik talablarni hisobga oladi. Bola mehnatidan foydalanish, majburiy ko‘chirish, paxta yetishtirish yoki ekologik va ijtimoiy talabga javob bermaydigan loyihalar moliyalashtirilmaydi. Kredit milliy valyutada, 1 000 000 yevro ekvivalentigacha ajratiladi. Muddati aylanma mablag‘lar uchun 18 oy, parranda, baliqchilik va quyonchilik yo‘nalishlari uchun 84 oy, chorvachilik asosiy vositalari uchun esa 120 oygacha kreditning yillik foizi 19% berilishi mumkin.
Mazkur yondashuv «yashil moliyalashtirish» tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish, chorvachilik sohasida barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish va ekologik jihatdan mas’ul loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Darhaqiqat, «Hamkorbank» ATB qarz oluvchilarga kreditlash jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois, bank mutaxassislari tomonidan loyihalarni ko‘rib chiqish jarayonida zarur maslahatlar beriladi, qarz oluvchilarning moliyaviy holati va loyihalarning amalga oshirilishi tahlil qilinadi. Shuningdek, kredit mablag‘larining maqsadli ishlatilishi va kredit shartlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring olib boriladi. Moliyaviy savodxonlikka doir o‘quv-mashg‘ulotlari davomida joylarda targ‘ibot va tashviqot ishlari uzluksiz olib borilmoqda. Mazkur yondashuvlar qarz oluvchilarning loyihalarni samarali amalga oshirishiga, moliyaviy barqarorligini ta’minlashga va chorvachilik sohasida barqaror faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda respublika bo‘ylab keng ofislar tarmog‘iga ega «Hamkorbank» ATB faoliyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyalashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.