FMO va Hamkorbank 100 mln dollarlik hamkorlikni kengaytirdi
FMO va Hamkorbank 100 mln dollarlik hamkorlikni kengaytirdi
Gollandiya rivojlanish banki (FMO) va «Hamkorbank» ATB O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznes (MKO‘B) subyektlari uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 100 million AQSH dollari miqdoridagi yangi «Term Facility» (muddatli kredit liniyasi) bitimini imzoladi. Mablag‘lar mahalliy tadbirkorlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda ham so‘mda ham AQSH dollarida taqdim etiladi.
Moliyalashtirish asosan, mikro bizneslar, shuningdek, ayollar va yoshlar tomonidan boshqariladigan kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi va bu O‘zbekistonda tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, mablag‘ning kamida 20 foizi mos keluvchi yashil loyihalarni moliyalashtirishga ajratilib, mamlakatning barqaror iqtisodiyotga o‘tishini yanada mustahkamlaydi.
MKO‘B sektori O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tayanchi bo‘lib, YAIM va bandlikka sezilarli hissa qo‘shadi. Biroq uzoq muddatli va qulay moliyalashtirishga kirish imkoniyatlari hali ham cheklangan. Yangi moliyalashtirish liniyasi orqali FMO va Hamkorbank inklyuziv moliyaviy xizmatlarni kengaytirish va barqaror kreditlash amaliyotlarini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Hamkorbank O‘zbekistondagi yetakchi xususiy banklardan biri bo‘lib, keng ofislar tarmog‘i, kichik hamda o‘rta biznesni moliyalashtirishga ixtisoslashuvi bilan ajralib turadi. Bank 2012-yildan buyon FMO bilan hamkorlik qilib keladi, 2014-yildan esa FMO Hamkorbank aksiyadorlaridan biri hisoblanadi. Yangi bitim ikki institut o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi muhim bosqichini anglatadi.
FMO Investitsiyalar bo‘yicha hamraisi Huib-Jan de Ruijter bu borada ozining iliq fikrlarini shunday izohladi: «Hamkorbank bilan uzoq yillik hamkorligimizni davom ettirayotganimizdan mamnunmiz. Ushbu moliyalashtirish ayollar va yosh tadbirkorlar uchun moliyaga kirishni kengaytirish orqali inklyuziv o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda O‘zbekistonda yashil moliyalashtirishni rivojlantiradi. Hamkorbankning ESG standartlarini mustahkamlash borasidagi qat’iyatini yuqori baholaymiz va kelgusida ham birgalikdagi ijobiy ta’sirni kengaytirishga umid qilamiz.»
Aytish joizki, FMO bilan ushbu yangi bitim Hamkorbankning O‘zbekistonda inklyuziv va barqaror moliyani kengaytirish strategiyasidagi navbatdagi muhim bosqichdir. Ushbu liniya bankka MKO‘B sektorini uzoq muddatli moliyalashtirish hajmini oshirish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini yanada faol qo‘llab-quvvatlash hamda yashil moliyalashtirishni kengaytirish imkonini berish bilan birga ESG standartlariga sodiq qolgan holda mamlakatning muvozanatli iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shishini ta‘minlaydi.
Mazkur bitim ikki tomonning O‘zbekistonda barqaror xususiy sektor rivoji, mas’uliyatli moliyalashtirish va uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan umumiy sodiqligini yana bir ifodasidir.