Matbuot markazi
/
Press Relizlar
/
Hamkorbank — 35: rivojlanish tarixi va yangi marralar

Hamkorbank — 35: rivojlanish tarixi va yangi marralar

03.09.2026
9 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

Hamkorbank 1991-yilda 10−15 kishidan iborat kichik jamoa bilan tashkil etilgan. Bank bilan birga 35 yil davomida O‘zbekiston ham o‘zgardi: xususiy biznes rivojlandi, hududlar taraqqiy etdi, yangi tarmoqlar va kompaniyalar paydo bo‘ldi. Millionlab insonlar esa mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va moliyaviy mablag‘larini boshqarish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi.

Bu davr mobaynida bank bozori ham tubdan o‘zgardi. Mijoz bank xizmatlaridan foydalanish uchun uning filiallariga borishi shart bo‘lmay qoldi, moliyaviy xizmatlar smartfonlarga ko‘chdi. Bugungi kunda raqobat faqat mahsulotlar, foiz stavkalari yoki filiallar tarmog‘i ko‘lami bilan emas, balki tezkorlik, texnologiyalar va mijozga xizmat ko‘rsatish sifati bilan ham belgilanmoqda.

Bugungi kunda Hamkorbank o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan: O‘zbekistonda birinchi navbatda tanlanadigan xususiy bankka aylanish, aktivlar hajmi bo‘yicha mamlakatning TOP-5 banki qatoridan joy olish va bozorning yangi standartlarini shakllantirishda ishtirok etish.

Bu maqsad shunchaki reytingdagi o‘rin bilan cheklanmaydi. Bu — an’anaviy universal modeldan raqamli universal modelga o‘tish, dijital yo‘nalishini rivojlantirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tajribasini yangi bosqichga olib chiqish hamda bankning tadbirkorlar bilan ishlashda tarixan shakllangan kuchli pozitsiyalarini yanada mustahkamlash demakdir.

Biz uchun bu bank xarakterining muhim qismi: milliy miqyosda faoliyat yuritish, butun mamlakat bilan birga o‘sish va shu bilan birga hududlar, tadbirkorlar hamda insonlarga bo‘lgan alohida yaqinlikni saqlab qolish. Bugungi kunda bu yo‘l bankning kuchli moliyaviy natijalari bilan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hamkorbank O‘zbekistonning eng yuqori foyda ko‘rsatayotgan banklari qatoridan joy olmoqda: 2025-yil yakunlariga ko‘ra, sof foyda qariyb 1,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu bankka rivojlanishning keyingi bosqichi — texnologiyalar, yangi mahsulotlar va mijozlar biznesini rivojlantirishga investitsiyalar uchun zarur resursni beradi.

35 yil davomida insonlar uchun yaratilgan bank

Hamkorbankning raqamlari, mahsulotlari va texnologiyalari ortida har doim insonlar turgan. Ko‘plab xodimlar uchun Hamkorbank faoliyatini boshlagan, professional jihatdan o‘sgan, rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilgan, o‘z jamoalarini shakllantirgan va tajribasini keyingi avlod hamkasblariga yetkazgan maskanga aylandi. Ana shu 35 yil davomida ularning mehnatini birlashtirib turgan yagona jihat — unga ishonch bildirgan insonlar uchun bank yaratish bo‘ldi.

Har kuni aynan xodimlar mijoz ko‘z o‘ngida Hamkorbank qiyofasini yaratadi. Bu — filialdagi xodim, tadbirkorning biznesini tushunadigan menejer, savolga javob beradigan va yechim topishga yordam beradigan mutaxassis. Bu ayniqsa, bank bilan munosabatlar ko‘pincha yillar davomida shakllanib, shaxsiy ishonchga asoslanadigan hududlarda yaqqol seziladi.

Ko‘plab mijozlar uchun Hamkorbank yaqin va ishonchli brendga — bank bozoridagi o‘ziga xos «love mark»ka aylangan. U bilan hayotning muhim bosqichlari bog‘liq: ilk biznes, uy yoki avtomobil xaridi, kompaniyaning rivojlanishi, farzandlar ta’limi. Bunday munosabat minglab kundalik muloqotlar natijasida shakllanadi va uni, avvalo, jamoa yaratadi. Shu sababli Hamkorbankning rivojlanishi — bu, ayni paytda, insonlarga, professional madaniyatga va jamoaning mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish qobiliyatiga investitsiya qilishdir.

Hamkor — «sherik» degani

2000-yilda bank Hamkorbank nomini olganida, uning nomiga sodda va juda aniq bir g‘oya singdirilgan edi. Hamkor so‘zi «sherik» degan ma’noni anglatadi. Bu g‘oya bankning tadbirkorlar bilan munosabatlarini ayniqsa yaxshi ifodalaydi.

Hamkorbank xususiy biznes bilan birga o‘sdi. Tadbirkorlar kompaniyalar ochdi, yangi ish o‘rinlari yaratdi, uskunalar sotib oldi, yangi hududlarga va eksport bozorlariga chiqdi, bank esa mijozlar ehtiyojlari ortib borgani sari o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi.

Bugungi kunda tadbirkorlik yanada yetuk va texnologik tus olmoqda, kompaniyalar tezroq o‘smoqda va moliyaviy hamkorlar oldiga murakkabroq vazifalarni qo‘ymoqda. Shu sababli bugungi kunda hamkor bo‘lish — mijoz biznesi qayerga qarab harakatlanayotganini tushunish va uning keyingi qadamini qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lish demakdir.

«O‘ttiz besh yil avval ishonch hisobotlar asosida berilmasdi — unga so‘z asosida ega bo‘linardi. Bizning oldimizga g‘oyasi bor, ammo o‘sha g‘oyadan boshqa hech narsasi yo‘q insonlar kelardi. Ularning ko‘pchiligi bugungi kungacha bizning mijozlarimiz bo‘lib qolmoqda. Mana shu — eng asosiy natija: balansdagi raqamlar emas, balki bizga hamon ishonch bildirilayotgani».

Ikrom Ibragimov, «Hamkorbank» ATB asoschisi

Tadbirkorlik — o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi

Kichik va o‘rta biznes tarixan Hamkorbankning eng kuchli yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va bugungi kunda ham strategiyamiz markazida qolmoqda.

Tadbirkorning biznesi doimo rivojlanib boradi.

Birinchi kredit uskunaga aylanishi mumkin, uskuna esa yangi ishlab chiqarishga olib keladi. Keyinchalik xodimlar, yangi savdo nuqtalari, eksport, valyuta operatsiyalari, lizing va yanada murakkab moliyaviy instrumentlarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Tadbirkor o‘sishi bilan uning banki ham o‘z imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.

Shu sababli Hamkorbankning vazifasi — tadbirkorlar rivojidagi rolini va kichik va o‘rta biznes bozoridagi ulushini oshirish. Buning uchun bank lizing, tranzaksion mahsulotlar, valyuta operatsiyalari, raqamli yechimlar va biznes uchun yangi servislarni rivojlantiradi.

Bu yo‘nalishda Hamkorbank IFC, EBRD, FMO, ADB, JICA, ResponsAbility, BlueOrchard, Proparco, DEG, AIIB va OPEC Fund kabi xalqaro moliya institutlari bilan ko‘p yillik hamkorlik tajribasiga tayanadi. Ushbu hamkorliklar kapital, xalqaro ekspertiza va O‘zbekiston biznesining o‘sishini moliyalashtirishga yordam beradigan vositalardan foydalanish imkonini beradi.

Yana bir istiqbolli yo‘nalish — islomiy moliyalashtirish.

Hamkorbank Islamic Corporation for the Development of the Private Sector, International Islamic Trade Finance Corporation va Economic Empowerment Fund for Uzbekistan tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi hamda islomiy bank xizmatlarida ham tadbirkorlar, ham mamlakat moliya bozorini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘radi.

An’anaviy universal bankdan — raqamli universal model sari

Bugungi kunda Hamkorbank 2,5 milliondan ortiq jismoniy shaxs va 60 mingdan ziyod tadbirkorga xizmat ko‘rsatmoqda. Bank tarmog‘i 230 ta xizmat ko‘rsatish nuqtasi, 250 dan ortiq tunu kun faoliyat yuritadigan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish nuqtalari hamda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Namangan xalqaro aeroportlaridagi maslahat markazlarini o‘z ichiga oladi.

Tarixan inson yoki tadbirkorning bank bilan munosabati ko‘pincha muayyan ehtiyoj, avvalo, kredit olishdan boshlangan. Universal model esa ancha keng munosabatlarni nazarda tutadi: kundalik to‘lovlar, jamg‘armalar, pul o‘tkazmalari, valyuta operatsiyalari, biznesni moliyalashtirish, raqamli mahsulotlar va boshqa moliyaviy xizmatlar.

Bozor rivojlangani sari bank mahsulotlari tobora bir-biriga o‘xshab bormoqda. Foiz stavkasini o‘zgartirish, yangi karta chiqarish yoki texnologik funksiyani takrorlash mumkin. Shu sababli mijoz tajribasi tobora katta ahamiyat kasb etmoqda: inson bank bilan bog‘liq o‘z masalasini qanchalik tez hal qila oladi, bank uning ehtiyojlarini qanchalik yaxshi tushunadi va moliyaviy xizmatlar uning kundalik hayotiga qanchalik tabiiy singib ketadi — mana shu jihatlar muhim.

Hamkorbank uchun universal model aynan shuni anglatadi: mijozning asosiy moliyaviy hamkoriga aylanish va har kuni unga foyda keltirish.

Raqamli bank — mijozga yanada yaqin bo‘lishning yangi usuli

Biz uchun bu, avvalo, Hamkorbank o‘nlab yillar davomida shakllantirib kelgan ishonchni yangi muhitga olib o‘tish imkoniyatidir.

Agar ilgari inson o‘z shahridagi filialda uni tanishlari va tushunishlarini his qilgan bo‘lsa, zamonaviy raqamli bank ilovada ham xuddi shunday tuyg‘uni yaratishi kerak.

Mamlakatda fintech jadal rivojlanmoqda: yangi o‘yinchilar, mahsulotlar va texnologik yechimlar paydo bo‘lmoqda, mijozlarning kutishlari esa doimiy ravishda oshib bormoqda.

Bizning ambitsiyamiz — raqamli mahsulotlarga ega bankdan to‘laqonli raqamli bankka aylanish. Bunday bankda texnologiyalar mijoz bilan munosabatlarni yanada sodda, tezkor va personallashtirilgan tarzda yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Bizning qadriyatlarimiz o‘zgarmaydi

Hamkorbank uchun 35 yillik rivojlanish — kichik bir jamoadan O‘zbekistonning eng yirik xususiy banklaridan biriga aylanish yo‘lidir.

Bugun oldinga nazar tashlash uchun ayni vaqt: rivojlanishda davom etish, innovatsion va yorib chiquvchi loyihalarni ishga tushirish, yanada zamonaviy va texnologik bo‘lish. Shu bilan birga, Hamkorbank faoliyatining doimo asosini tashkil etib kelgan qadriyatlarni — mijozlar ishonchini va hayot hamda biznesning turli bosqichlarida ishonchli moliyaviy hamkor bo‘lish rolini saqlab qolish.

35 yil — bu tarix. Keyingi bosqich esa yangi marralar sari harakatdir.

Oxirgi yangilanish sanasi: 27.10.2026