Matbuot markazi
/
Press Relizlar
/
Moliyalashtirishdan biznes natijasigacha: Hamkorbank OAV vakillarini mijozlarining real loyihalari bilan tanishtirdi

Moliyalashtirishdan biznes natijasigacha: Hamkorbank OAV vakillarini mijozlarining real loyihalari bilan tanishtirdi

25.09.2026
4 daqiqa
Muallif:
Hamkorbank
Ulashish:

Joriy yilning 25-sentabr kuni «Hamkorbank» ATB tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun «Moliyalashtirishdan biznes natijasigacha” mavzusida press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida ishtirokchilar Hamkorbankning biznes mijozlariga ko‘rsatayotgan xizmatlari, tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish jarayonlari hamda bank va biznes o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning amaliy natijalari bilan bevosita tanishdilar.

Press-turning asosiy jihati — bank xizmatlarini faqat raqamlar orqali emas, real bizneslar misolida ko‘rsatish. Dastur doirasida OAV vakillari Hamkorbankning «Yakkasaroy» BXO faoliyati bilan tanishib, so‘ng bankning ikki biznes mijozi — «CHAGAY PLUS» MChJ va «UNICAP LIVING» MChJ faoliyatini bevosita joyida ko‘rdilar.

«CHAGAY PLUS» MChJ brend etiketkalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Hamkorbank bilan hamkorligi 2008-yildan buyon davom etib kelmoqda. Korxonaga bank tomonidan kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lib, moliyalashtirishning umumiy hajmi 6 mlrd so‘m, 600 ming yevro va 1 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Bugungi kunda korxonada 99 ta ish o‘rni mavjud. Press-tur ishtirokchilari korxonaning ishlab chiqarish jarayoni, moliyalashtirilgan loyihalar, import qilingan uskuna va xomashyolar bilan tanishish, shuningdek, tadbirkorning Hamkorbank bilan hamkorlik tajribasi haqida bevosita suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldilar.

Keyingi manzil — «UNICAP LIVING» MChJ tomonidan yuritilayotgan WYNDHAM RAMADA mehmonxonasi. Hamkorbank bilan 2023-yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan kompaniyaga 4 233 913,45 AQSh dollari miqdorida lizing mablag‘lari ajratilgan. Loyihada 120 ta ish o‘rni yaratilgan.

Mehmonxonaga tashrif davomida OAV vakillari lizing mablag‘lari hisobidan import qilingan jihozlar, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi va biznes faoliyati bilan tanishdilar. Kompaniya vakili bilan intervyu davomida esa moliyaviy hamkorlikning biznes rivojidagi o‘rni haqida ma’lumot berildi. Hamkorbank uchun bunday loyihalar bank va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarning amaliy ifodasidir. Tadbirkor biznesini rivojlantirar ekan, uning moliyaviy ehtiyojlari ham o‘zgarib boradi. Kredit, lizing, tranzaksion mahsulotlar, valyuta operatsiyalari va raqamli xizmatlar kabi yechimlar esa biznesning turli bosqichlarida moliyaviy hamkorlikni davom ettirish imkonini beradi.

Bugungi kunda Hamkorbank 2,5 milliondan ortiq jismoniy shaxs va 60 mingdan ziyod tadbirkorga xizmat ko‘rsatmoqda. Bank infratuzilmasi 230 ta xizmat ko‘rsatish nuqtasi va 250 dan ortiq tun-u kun faoliyat yuritadigan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish nuqtalarini qamrab oladi. Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Namangan xalqaro aeroportlarida maslahat markazlari faoliyat yuritadi. 2026-yil Hamkorbank uchun alohida ahamiyatga ega — bank o‘zining 35 yilligini nishonlamoqda. 1991-yilda kam sonli jamoa bilan faoliyatini boshlagan bank bugungi kunda O‘zbekistonning yirik xususiy banklaridan biriga aylandi.

35 yillik tarix davomida Hamkorbankning tadbirkorlar bilan hamkorligi uning faoliyatidagi muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelgan. Bugungi bosqichda bank an’anaviy universal modeldan raqamli universal model sari rivojlanib, mijozlarga yanada tezkor, qulay va zamonaviy moliyaviy xizmatlarni taqdim etishni maqsad qilmoqda.

«Moliyalashtirishdan biznes natijasigacha» press-turi ham aynan shu yondashuvni — bank mablag‘lari ortida real bizneslar, tadbirkorlar, ish o‘rinlari va rivojlanish imkoniyatlari turganini ko‘rsatishga qaratilgan.

Oxirgi yangilanish sanasi: 27.10.2026