Bugungi kunda “Hamkorbank” ATB tomonidan ilg‘or jahon tajribasini hisobga olgan holda xalqaro tamoyillarga muvofiq ESG va barqaror rivojlanish hamda korporativ ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish sohasida yetakchi bo‘lishga qo‘yilayotgan qadamlar zamirida, jamiyatda mavjud bo‘lgan gender, iqtisodiy, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga intilishi yotadi. Ushbu maqsad yo‘lida belgilab olingan ustuvor vazifalar ham mavjud.
Ma’lumki, Bank tomonidan qabul qilingan ESG strategiyasi doirasida barqaror rivojlanib borayotgan mijozlar haqida ma’lumot beruvchi maqola va videoroliklarni e’lon qilishni yo‘lga qo‘ygan edik. Navbatdagi qahramonimiz esa Namangan shaxrida faoliyat yurituvchi tadbirkor Umida Rizayeva bo‘ldi.
Gullar shahri Namanganda “gullayotgan” oilaviy biznes haqida...
Rejamizga ko‘ra, bu safargi maqola ham “Hamkorbank” bilan birgalikda yuksalib kelayotgan, ayollar haqidagi stereotiplarni yo‘q qilgan holda tadbirkorlik sohasida yuqori natijalarga erishib, gullar shahri Namanganda faoliyat yuritayotgan biznes ledi haqida bo‘lishi kerak edi. Ammo, “RA'NO DIAGNOSTIKA VA DAVOLASH MARKAZI” MCHJ ta’sischisi Umida Rizayeva xizmat safarida bo‘lganligi sababli bizni qiziqtirgan savollarga uning turmush o‘rtog‘i, korxona rahbari Rustam Baxriddinovdan javob oldik.
Suhbatning avvali va yakunida tadbirkor ta’kidlagan jumla: “Biznesda muvafaqqiyatga erishishning asosiy siri bu – hech nimadan qo‘rqmay faoliyatni boshlash. Agar qo‘lingizda hayotga tadbiq qilish uchun arzirli biznes plan, istiqbolli rejalaringiz bo‘lsa, bilim va ko‘nikmalaringizga asoslangan holda o‘ylanmasdan tadbirkorlik faoliyatini boshlash zarur”.
“Shunday ibora bor: to‘qqiz marotaba yiqilib o‘n marotaba qayta oyoqqa turish bu – muvafaqqiyatdir. Aytishim kerakki, oilaviy boshlagan tadbirkorlik faoliyatimizda mayda kamchiliklar bo‘lganligi rost, ammo, shu kunga qadar yirik muvafaqqiyatsizlikka yetaklovchi xatoliklar yuzaga kelmagan. Chunki, ayol kishida bilim va ko‘nikmalardan tashqari, izohlab bo‘lmaydigan intuitsiya mavjud” - deydi korxona rahbari, qahramonimizning turmush o‘rtog‘i Rustam Baxriddinov. – “Turmush o‘rtog‘imning oilaviy tadbirkorligimiz rivojidagi hissasi beqiyos. Uning maslahatlari bilan qo‘l urgan loyihalarimiz muvafaqqiyatsizlikka uchramagan. Korxonamiz vodiyda ishonchli brend darajasiga ko‘tarildi. Subordinatsiya saqlagan holda xodimlarim tarafidan menga aytilmagan ba’zi xato va kamchiliklarni, rafiqamning kuzatuvchanligi orqali to‘g‘irlab kelmoqdamiz”.
Korxona haqida ko‘rganlarimizni aytadigan bo‘lsak: korxona faoliyati dastlab 2012 yilda dori-darmon vositalarining ulgurji savdosi bilan boshlangan. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra 2014 yilda “Hamkorbank” mijoziga aylangan ushbu korxona, qariyib 10 yildirki, Bankning qo‘llab-quvvatlashiga suyangan holda biznesda faoliyat turlarini kengaytirib kelmoqda. Hozirgi kunda korxona tasarrufida shahar markazida joylashgan ikkita tibbiyot markazi va dori vositalarini ishlab chiqarish korxonasi mavjud bo‘lib umumiy hisobda 200 dan ortiq fuqarolar ish bilan band qilingan.
Tibbiyot markazlarining biri 2017 yilda ikkinchisi esa 2021 yilda ish boshlagan bo‘lib, har ikkala markaz nevrologiya yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Tashrif buyuruvchilar o‘zlaridagi nevrologik muammolardan tashqari, kardiologiya, ginekologiya, revmatologiya, urologiya sohalaridagi shikoyatlaridan ham forig‘ bo‘lishlari, hamda, barcha laborator tekshiruvlardan o‘tishlari ham mumkin. 10 dan ortiq oliy toifadagi shifokorlar faoliyat yurituvchi ushbu markazlar bir vaqtning o‘zida 100 dan ortiq bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Undan tashqari, 70 ta kunduzgi davolanish (statsionar) o‘rinlari ham mavjud.
Zamonaviy arxitektura talablariga mos ravishda bunyod etilgan tibbiyot markazlari Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga Germaniya, Yaponiya, Rossiya singari davlatlardan keltirilgan 20 dan ortiq so‘nggi rusumdagi tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan.
“Aynan tibbiy markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida mendan maslahat so‘rab kelgan insonlarga beradigan dastlabki savolim: xodimlar masalasi hal etilganmi? Sababi birinchi tibbiy markazimiz faoliyatini boshlashdagi yo‘l qo‘ygan asosiy xatolik kadrlar masalasini ertaroq hal etmaganligimizda bo‘lgan. Qurilish va jihozlash ishlari yakuniga yetgach deyarli yarim yil vaqt markazga malakali tibbiyot xodimlarini jalb qilishga ketgan” - deydi tadbirkor. - “Sohada raqobat kuchli, malakali “qo‘li yengil” shifokorlarni ishga yollamasangiz xalq ishonchiga sazovor bo‘la olmaysiz. Undan tashqari, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun markaz faoliyatiga innovatsion yondashuvlar tadbiq etish zarur”.
Go‘zal Namangan markazidagi tibbiy maskanlar faoliyati bilan tanishib bo‘lgach shahar chekkasiga yo‘l oldik. Namanganda avjiga olgan qurilish ishlari, qad ko‘tarayotgan bir-biridan go‘zal manzillarga mahliyo bo‘lib, shahar chetidagi ishlab chiqarish zonasida joylashgan oilaviy biznesning uchinchi nuqtasiga yetib kelganimizni sezmay qolibmiz.
“Dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish sohasida 3 ta bosqich mavjud. Biz hozirda birinchi bosqich – Galen preparatlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz” - deya ma’lumot berdi respondent.
Turli sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan suhbatlashishning inson tafakkuri uchun foydali tarafi shundaki, siz deyarli har kuni qo‘llaydigan terminlarning sizga noma’lum akademik nomalarini kashf etish, lug‘at boyligining ortishidadir. Misol uchun, qadimgi Rim shifokori Klavdiy Galen nomi bilan yuritiladigan dori vositalari xomashyodan, uni suv, spirt, efir yoki spirt bilan suv, efir bilan spirt aralashmalari vositasida ekstraksiya qilib olinadi. Sodda qilib aytganda, Galen dori vositalariga tibbiyot spirti, yod, brilliant yashil eritma (zelyonka) lar kiradi.
Hozirda 60 dan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritayotgan ushbu korxonada 8 turdagi Galen dori vositalari ishlab chiqariladi. Hozircha faqat ichki bozorni ta’minlayotgan ushbu korxona oyiga 2 mln. donadan ortiq mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada Bank tomonidan ajratilgan kredit evaziga Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan dori vositalarini quyish va qadoqlash liniyalari keltirilib ishga tushirilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, mijoz – bu Bankimizning asosiy “steykxolder”i ya’ni Manfaatdor tomon hisoblanadi. Manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Bank doimo o‘z ustida ishlashda davom etadi.
Jumladan, suhbat oxirlagach odatdagidek Bank faoliyati haqidagi fikr va mulohazalar, hamkorlikdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bilan bo‘lishish haqidagi savol bilan murojaat qildik.
“Hamkorlikning dastlabki bosqichlari sifatli bo‘lsa-yu, yillar o‘tgach xizmat ko‘rsatish sifati yomonlashsa har qanday tadbirkor ham o‘ziga boshqa ishonchli hamkor izlashga tushadi” Ammo, Bankda xizmat ko‘rsatish sifati yil sayin yaxshilanib borayotgani uchun hamkorlikning dastlabki bosqichlarida vaziyat taqozosi yoki zamon talabi sabab yuzaga kelgan kamchiliklarni eslay olmagan tadbirkor o‘rinli taklif bilan murojaat qildi: “Taklifim shundaki, “oqsoqol mijozlar”ga kredit ajratishdagi byurokratiya jarayonini yengillashtirish. O‘zim tadbirkorman va qaysidir ma’noda ushbu siyosatni oqlayman ham. Ammo, ko‘p yillik samarali faoliyat yuritib kelayotgan, kredit siyosatiga to‘liq amal qilgan, yirik soliq to‘lovchiga aylanib ulgurgan mijozlar reytingi tashkil etilib, shu reyting asnosida yangi g‘oyalarni tadbiq etish uchun kredit ajratish jarayoni yengillashtirilsa. Zero, yangi faoliyat turi ishga tushirilsa yana o‘nlab, balki yuzlab hamyurtimiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi”.
Uchrashuvni to‘liq videosini tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz ushbu xavolaga o‘ting.