Hamkorbank yangi raqamli xizmat — Tezni ishga tushirmoqda
Tez - Hamkorbankning yangi mobil ilovasi bo‘lib, unda bankning xalqaro funksionalga ega va kredit limiti o‘rnatilgan universal bank kartasi, to‘lovlar, pul o‘tkazmalari hamda keshbek kabi mahsulot va xizmatlari taqdim etilgan.
Bu Hamkorbank tomonidan yaratilgan texnologik platforma bo‘lib, unda texnologik hamkor sifatida bir nechta mamlakatlarda shunday loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega bo‘lgan Fintech Farm xalqaro kompaniyasi ishtirok etgan.
Tezning asosiy afzalligi — shaxsiy mablag‘ va bank kreditini birlashtirgan yagona karta (2-in-1) hisoblanadi. Mijozlar shaxsiy mablag‘laridan foydalanish bilan birga kredit limitidan ham erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, kredit tarixiga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar uchun ham dastlabki limit ajratiladi, bu esa moliyaviy xizmatlarga keng yo‘l ochadi. Ushbu yangi kartaning asosiy farqi shundaki, u odatda alohida bo‘lgan kredit va debet kartalarini o‘zida birlashtiradi. Foydalanuvchilarga bank xizmatlaridan foydalanish uchun ortiqcha hujjat yoki kredit tarixi talab etilmaydi. Bu, ayniqsa, avval kredit olmagan mijozlar uchun yangi imkoniyat yaratadi.
Tez kartasi uchun hozirdanoq rasmiy sayt orqali buyurtma berish mumkin. Servis ishga tushirilgandan so‘ng, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish bir daqiqadan kam vaqtni oladi. Karta kuryer orqali yetkazib beriladi yoki qulay tarqatish nuqtalaridan olib ketish mumkin bo‘ladi. Tez mobil ilovasida kundalik moliyaviy ehtiyojlar uchun zarur barcha xizmatlar jamlangan: hisobvaraqlarni to‘ldirish, to‘lovlarni amalga oshirish, kartaga mablag‘ kiritish, pul o‘tkazmalari, xarajatlarni tahlil qilish. Shu bilan birga, kundalik xaridlar uchun 10% gacha keshbek tizimi mijozlar uchun qo‘shimcha afzallik yaratadi. Yangi servis mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida ham innovatsion yondashuvdan foydalanadi. Qo‘llab-quvvatlash xizmati navbatlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri messenjerlar yoki telefon orqali amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, avvallari kredit olish uchun mijozga alohida karta ochilar, kundalik xarajatlar uchun ishlatiladigan karta bilan kredit kartasi alohida edi. Endi esa Tez kartasi orqali bu qulayliklar bitta joyda jamlandi – mijoz o‘zining mablag‘idan ham, bank tomonidan ajratilgan kredit limitidan ham istalgan vaqtda foydalanishi mumkin. Oddiy qilib aytganda, kartangizda o‘z pulingiz bo‘lmasa ham, bank sizga ajratgan qo‘shimcha mablag‘dan foydalanib turasiz, keyin uni qaytarasiz. Bu tizim kreditni olish, ishlatish va qaytarish jarayonlarini yanada soddalashtiradi.
Mobil ilova orqali amalga oshiriladigan barcha operatsiyalar bo‘yicha majburiyatlar "Hamkorbank" ATBga yuklatiladi. Bu degani, bank ilovadan foydalanish natijasida yuzaga keladigan barcha majburiyatlarning tegishli tarzda bajarilishini, qonunchilik talablariga rioya etilishini hamda mijozlar manfaatlarining himoya qilinishini kafolatlaydi.
"Hamkorbank" ATB mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada rivojlantirish maqsadida innovatsion yechimlarni joriy etish orqali raqamli xizmatlarni takomillashtirishni davom ettiradi.
Servisning rasmiy sayti: tez.uz





