Hamkorbank «We Finance Code» doirasida ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamoqda

Xorazm viloyatida resurslar cheklangan sharoitda maksimal qiymat yaratish iqtisodiyotning o‘ziga xos formulasiga aylangan. Cheklangan yer va suv imkoniyatlari sharoitida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning samarali yo‘llaridan biri — xomashyoni chuqur qayta ishlash va qo‘shimcha qiymat yaratishdir. Chorvachilik va sutni qayta ishlash tarmog‘idagi zamonaviy loyihalar bu borada yaqqol namuna bo‘lmoqda.
Ikki xonadan boshlangan biznes
Aholini sifatli va xavfsiz sut mahsulotlari bilan ta’minlashni maqsad qilgan tadbirkor Dilbar opa Sharipova o‘z biznesini kichik ikki xonada sutni qayta ishlashdan boshlagan.
Biznesning dastlabki qadamlari Toshkentda boshlangan. Ta’sischi turmush o‘rtog‘i bilan birga pishloq mahsulotlarini bozorga olib chiqish uchun do‘konma-do‘kon yurib, mahsulotlarini taklif qilgan, ko‘chalarda esa odamlarni pishloqdan tatib ko‘rishga chaqirgan.
Dastlab atigi 40 litr sutdan pishloq tayyorlanib, xaridorlarga tatib ko‘rish uchun berilgan. Mahsulot yoqqani sari tavsiyalar ko‘paygan, yangi xaridorlar paydo bo‘lgan. Shu tariqa kichik hajmdagi ishlab chiqarish asta-sekin kengayib, bugungi yirik korxonaga aylangan.
«Turmush o‘rtog‘im bilan Toshkentda do‘konma-do‘kon yurib, pishloqlarimizni taklif qilardik. Ko‘chada odamlarni to‘xtatib, mahsulotimizdan tatib ko‘rishlarini so‘rar edik. Avvaliga 40 litr sutdan pishloq tayyorlab, o‘zimiz tavsiya qilib sotardik. Xaridorlar mahsulotni yoqtirib, bir-biriga tavsiya qila boshladi. Shu tariqa ishimiz asta-sekin rivojlandi», — deydi korxona ta’sischisi.
Keyinchalik tadbirkorlar O‘zbekiston bozorini chuqur o‘rganib, import qilinadigan pishloq mahsulotlariga munosib mahalliy muqobil yaratish ustida izlanish olib bordi.
«Otamiz boshlab bergan bu ishni davom ettirib, O‘zbekiston bozorini o‘rgandik. Ilgari brend pishloqlar asosan chetdan olib kirilardi. Biz «Qanday mahsulot ishlab chiqarsak bo‘ladi?” degan savol ustida izlanib, pishloq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Kichik hajmdan boshlangan ish bugun zamonaviy ishlab chiqarish majmuasiga aylandi», — deydi korxona rahbari.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar hamda moliyaviy ko‘mak natijasida korxona qisqa muddatda kengayib, zamonaviy ishlab chiqarish majmuasiga aylandi. Bugungi kunda bu yerda Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan bo‘lib, zavodning kunlik quvvati 100 tonna sutni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda esa kuniga 40 tonnagacha sut qayta ishlanmoqda.
Global brend sari: «Xorazm pishlog‘i”
Ilgari bozorda asosan Gollandiya yoki Fransiya pishloqlari nomlari mashhur bo‘lgan bo‘lsa, bugun korxona mahalliy brend — «Tillo Damar»ni yaratdi. Jamoa kelgusida Xorazm nomini nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro bozorda ham pishloq brendi sifatida tanitishni maqsad qilgan.
Ayni paytda korxonada 50 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari — qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Keyingi bosqichda mahsulotlar assortimentini 70 turdan oshirish rejalashtirilgan.
Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati qariyb 100 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlash imkonini beradi.
Ijtimoiy samara: minglab xonadonlarga kirib kelgan daromad
Loyiha nafaqat iqtisodiy, balki muhim ijtimoiy samaraga ham ega.
Korxonaning o‘zida 120 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ko‘plab xodimlar, jumladan, yillar davomida xorijda mehnat migratsiyasida bo‘lib, yurtiga qaytgan fuqarolar bugun o‘z vatanida munosib ish va daromad manbayiga ega bo‘lmoqda.
Korxona aholi xonadonlari bilan ham faol hamkorlik qiladi. Xorazm viloyatida jami 288 ming bosh qoramol mavjud bo‘lib, ularning katta qismi aholi xonadonlarida boqiladi. Korxona har kuni 5 000 dan ortiq xonadondan xomashyo suti yig‘ib oladi. Mavsumga qarab bu ko‘rsatkich 25 000 ta xonadongacha yetadi.
Bu — minglab oilalar o‘z xonadonida yetishtirgan sutini korxonaga topshirib, barqaror daromad manbayiga ega bo‘layotganini anglatadi.
Sifat va kooperatsiya tizimi
Sut sog‘ib olingandan keyingi dastlabki soatlarda uni +4 °C darajagacha sovitish sifatni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli korxona va fermerlar o‘rtasida sifat nazoratiga asoslangan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Sutning yog‘lilik va oqsil darajasiga qarab belgilanadigan narx tizimi fermer va aholini yanada sifatli xomashyo yetkazib berishga rag‘batlantirmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, kambag‘allikni qisqartirish va xomashyo bazasini yanada mustahkamlash maqsadida aholiga ixcham konstruksiyali fermalar va naslli mollar tarqatish, olib kelingan qoramollarni ozuqa hamda veterinariya xizmatlari bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Moliyaviy inklyuzivlik va ESG amalda
Bugungi kunda Hamkorbank ATB o‘z faoliyatida ESG tamoyillarini faol joriy etib, moliyaviy inklyuzivlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bank xalqaro «We Finance Code” dasturi doirasida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini izchil davom ettirmoqda.
Bank bilan hamkorlikda o‘z biznesini yangi bosqichga olib chiqqan, yangi ish o‘rinlari yaratib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirayotgan ayol tadbirkorlarning real tajribasi moliyaviy ko‘mak va zamonaviy imkoniyatlar xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Mahsulotlar sotuvi
Bugungi kunda korxonaning pishloq mahsulotlari O‘zbekiston bozorining turli hududlariga yetkazib berilmoqda. Suyuq sut mahsulotlari esa asosan Xorazm viloyati bozorlarida sotiladi.
Har kuni ertalab soat 07:00 da do‘konlarga chiqarilgan yangi mahsulotlar soat 11:00 gacha xaridorlarga yetib bormoqda.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan qariyb 1 200 ta qayta ishlash korxonasi orasida ushbu sut zavodi «daladan dasturxongacha” bo‘lgan yaxlit va xavfsiz ishlab chiqarish zanjirining yorqin namunalaridan biridir.
Hamkorbank ana shunday drayver loyihalarni, mahalliy ishlab chiqarishni va milliy brendlarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Batafsil ma’lumot uchun quyidagi havola orqali o’tib videoni tomosha qilishingiz mumkin.