Bilimdan biznesga: Hamkorbank bilan hamkorlik qilayotgan ayol tadbirkor

Iqtisodiy nazariya auditoriyada o‘rgatiladi, uning haqiqiy qiymati esa hayotda — amaliy qarorlar va aniq natijalarda namoyon bo‘ladi. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiy fanlardan dars berib kelayotgan Mehribon Yusupova bugun o‘z bilim va tajribasini tadbirkorlik faoliyatida ham qo‘llamoqda. U Surgemed xalqaro klinikasi ta’sischisi, shuningdek, ona-bola tibbiyot majmuasi rahbari sifatida tibbiy xizmatlarni rivojlantirish va jamoani boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Uning faoliyati iqtisodiy bilim, oilaviy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik tashabbusi birlashganda yangi imkoniyatlar yuzaga kelishining namunasidir.
Nazariy bilimdan amaliy faoliyatga
Mehribon Yusupova turli oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiy fanlardan dars berib, talabalarga nazariy bilimlarni yetkazish bilan birga ularni amaliyotda qo‘llash muhimligini ham ta’kidlab kelgan. Uning fikricha, iqtisodiy bilimning asosiy vazifasi — real hayotdagi muammolarga yechim topish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va yangi qiymat yaratishdir.
Tadbirkorlik faoliyatiga kirib kelishi ham ana shu qarashlar bilan bog‘liq. 2021-yilda oila a’zolari bilan hamkorlikda Surgemed xalqaro klinikasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oilada iqtisodchilar va shifokorlarning borligi, sog‘liqni saqlash sohasidagi ehtiyojlar hamda yangi imkoniyatlar ushbu tashabbusning shakllanishiga zamin yaratdi.
Dastlabki faoliyat davomida orttirilgan tajriba klinikani rivojlantirish va xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga imkon berdi. Mehribon Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, besh yil davomida klinika faoliyati kengayib, yana ikkita filial tashkil etildi. Ulardan biri ona va bola salomatligini muhofaza qilishga ixtisoslashgan tibbiyot majmuasidir.
«Surgemed xalqaro klinikasi 2021-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Dastlab 30 nafar shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari bilan ish boshlagan bo‘lsak, besh yil ichida klinikalarimiz tarmog‘i uchtaga yetdi, xodimlarimiz soni esa 300 nafarga oshdi. Hamkorbank bilan asosiy loyihalarimiz klinikalarimizning ikkita muhim yo‘nalishi — ona-bola tug‘ruq majmuasi va ixtisoslashgan klinikalarni tashkil etish bilan bog‘liq. Klinikalar uchun binolar xarid qilish va ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Hamkorligimiz muvaffaqiyatli davom etmoqda” — deydi Mehribon Yusupova.
Bugungi kunda Mehribon Yusupova ushbu majmuaga rahbarlik qilib, uning kundalik faoliyati, jamoa boshqaruvi va rivojlanish jarayonlarida ishtirok etmoqda.
Ona va bola salomatligi yo‘lida
Ona-bola tibbiyot majmuasida bugungi kunda qariyb 150 nafar xodim mehnat qiladi. Muassasada tug‘ruq xizmatlari bilan bir qatorda poliklinika yo‘nalishi ham mavjud. Bu ayollarga o‘zlari va farzandlari uchun zarur tibbiy xizmatlardan bir joyning o‘zida foydalanish imkonini beradi.
Majmua faoliyatida tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish va zamonaviy tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy shifokorlar bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi va Yevropa davlatlaridan mutaxassislarni jalb etish, mahorat darslari tashkil qilish orqali tajriba almashish ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. Aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani infratuzilmani kengaytirish zaruratini ham yuzaga keltirmoqda. Shu sababli majmuaning uchinchi qavatini rivojlantirish va tibbiy uskunalar bazasini kengaytirish rejalari ustida ish olib borilmoqda.
Chaqaloqlarga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yaxshilash ham muhim yo‘nalishlardan biri. Majmuada og‘ir holatda tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun reanimatsiya bo‘limi mavjud. Ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni kengaytirish ona va bola salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Biznesning ortida insonlar turadi
Tadbirkorlik natijasi faqat daromad yoki kengaygan infratuzilma bilan o‘lchanmaydi. Uning ortida ish bilan ta’minlangan insonlar, ularning oilalari va jamiyat uchun yaratilgan imkoniyatlar ham turadi.
Mehribon Yusupova uchun jamoani shakllantirish biznesni rivojlantirishdagi muhim bosqichlardan biri bo‘lgan. Faoliyatning dastlabki davrida turli qiyinchiliklar va tashkiliy masalalar yuzaga kelgan. Ularni izchil hal qilish, xodimlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va umumiy maqsad atrofida birlashish orqali bugungi jamoa shakllangan.
«Bitta kichik jamoadan 150 nafarga yaqin xodim ishlaydigan jamoaga yetib kelish — shuncha xonadonning ro‘zg‘origa yordam berish, ularning daromad topishiga hissa qo‘shish degani” — deydi Mehribon Yusupova.
Uning fikricha, jamoa a’zolarining ishonchi, og‘ir vaziyatlarda birgalikda harakat qilish va har bir xodimning mehnatini qadrlash biznesning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.
Shu ma’noda, tibbiyot majmuasining kengayishi nafaqat xizmatlar ko‘lamining ortishi, balki ko‘plab insonlar uchun mehnat qilish va daromad topish imkoniyatining shakllanishini ham anglatadi.
Moliyaviy savodxonlik — barqaror biznes asosi
Iqtisodchi sifatidagi tajribasi Mehribon Yusupovaga tadbirkorlikni uzoq muddatli rejalashtirish nuqtayi nazaridan baholash imkonini beradi. Uning yondashuvida shaxsiy daromad bilan korxona mablag‘larini alohida boshqarish, xarajatlarni rejalashtirish va daromadning bir qismini biznesni rivojlantirishga yo‘naltirish muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda ona-bola tibbiyot majmuasida xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va qo‘shimcha uskunalarga ehtiyoj mavjud. Shu bois biznesdan olinadigan daromadni nafaqat joriy xarajatlarga, balki infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirish ham ahamiyatli. Bank xizmatlaridan foydalanish masalasida ham tadbirkor puxta hisob-kitobni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Uning fikricha, kredit olishdan avval mavjud mablag‘, kutilayotgan daromad, to‘lov jadvali va kutilmagan xarajatlarni qoplash imkoniyatini baholash zarur.
Mehribon Yusupova o‘z tajribasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga qarz mablag‘ini biznesni noldan boshlashning yagona vositasi sifatida ko‘rmaslikni, avvalo moliyaviy zaxira va barqaror daromad manbayini hisobga olishni tavsiya etadi. Chunki tadbirkorlikda mablag‘ni jalb qilish bilan birga, uni o‘z vaqtida qaytarish va faoliyatni uzluksiz davom ettirish imkoniyati ham muhim.
Ayolning muvaffaqiyatida qo‘llab-quvvatlashning o‘rni
Mehribon Yusupovaning hayotiy tajribasida oila qo‘llab-quvvatlashi alohida o‘rin tutadi. Uning ta’kidlashicha, otasi, qaynotasi va turmush o‘rtog‘ining ishonchi hamda ko‘magi ta’limni davom ettirish, ilmiy izlanishlar olib borish va kasbiy maqsadlarini amalga oshirishida muhim omil bo‘lgan.
Uning fikricha, ayolning muvaffaqiyati faqat moliyaviy mustaqillik bilan belgilanmaydi. Bilim olish imkoniyati, o‘ziga ishonch, yaqinlarining ko‘magi va jamiyatdagi faol ishtirok ham ayolning rivojlanishida katta ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, Mehribon Yusupova tadbirkorlikni boshlashni istayotgan xotin-qizlarni ortiqcha ikkilanmasdan, mavjud imkoniyatlardan foydalanishga va birinchi qadamni tashlashga chaqiradi. Uning fikricha, barcha sharoitlar mukammal bo‘lishini kutish o‘rniga, mavjud resurslardan oqilona foydalanib, ishni boshlab yuborish va tajriba orttirish muhim.
Faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollarga esa sabr-toqat, matonat va uzoq muddatli maqsadlar sari intilishni tilaydi. Zero, tadbirkorlik kundalik e’tibor, mas’uliyat va uzluksiz mehnatni talab qiladi.
Hamkorbank bilan hamkorlik: tezkorlik va ishonch
Tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy xizmatlarning qulayligi, tezkorligi va mijoz ehtiyojlariga mosligi muhim ahamiyatga ega. Mehribon Yusupova Hamkorbankni tanlashda bank xodimlarining mijozlar bilan ishlash uslubi, yangi xizmatlar haqida muntazam ma’lumot berishi va operatsiyalarni tezkor amalga oshirishi muhim bo‘lganini ta’kidlaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorning vaqti cheklangan. Turli banklarning xizmatlari, foiz stavkalari va moliyalashtirish imkoniyatlarini mustaqil ravishda o‘rganish qo‘shimcha vaqt talab qiladi. Bank mutaxassislarining mijoz bilan bevosita muloqot qilishi va yangi imkoniyatlarni tushuntirib borishi esa bu jarayonni yengillashtiradi. Mehribon Yusupova Hamkorbank bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarning tezkorligini ham hamkorlikning muhim jihatlaridan biri sifatida qayd etadi. Uning ta’kidlashicha, bank bilan bog‘liq moliyaviy jarayonlarning operativ bajarilishi biznes faoliyatini tashkil etishda qulaylik yaratadi.
«Hamkorbank”ni tanlashimizda mijozlar bilan ishlash uslubi, xizmatlarning tezkorligi va yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berib borilishi muhim bo‘lgan — deydi u.
We Finance Code: ayollar uchun yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda Hamkorbank ESG tamoyillari doirasida moliyaviy inklyuzivlikni rivojlantirish va xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xalqaro «We Finance Code” tashabbusi doirasida ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va biznes tashabbuslarini rivojlantirish muhim yo‘nalishlardan biridir.
Mehribon Yusupovaning tajribasi bilim, amaliy boshqaruv, oilaviy ko‘mak va moliyaviy xizmatlardan oqilona foydalanish biznes rivojida bir-birini to‘ldirishini ko‘rsatadi. Tibbiyot majmuasining kengayishi, xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj va jamoaning shakllanishi tadbirkorlikning iqtisodiy natijalari bilan birga ijtimoiy ahamiyatini ham namoyon etadi.
Hamkorbank ayol tadbirkorlarning ehtiyojlarini tushunish, ular bilan yaqin hamkorlik qilish va biznesni rivojlantirishga xizmat qiladigan moliyaviy imkoniyatlarni taqdim etish orqali xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.