Hamkorbank va Yevropa Taraqqiyot va Tiklanish Banki (YETTB) bilan hamkorlikda "Biznesdagi yoshlar" dasturi doirasida seminar o‘tkazildi
11 / 10 / 2024Andijon, 9 oktabr – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) tomonidan ilgari surilayotgan loyixa doirasida «Biznesdagi yoshlar» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi yetti yilga mo‘ljallangan bo‘lib, moliyalashtirish hajmi 200 million yevroni tashkil etadi. Loyihaning maqsadlaridan biri 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan aholining uchdan bir qismini tashkil etuvchi mintaqadagi yosh tadbirkorlarni moliyalashtirish va tegishli treningdan foydalanish imkoniyatini taʼminlashdan iborat. Markaziy Osiyoda «Biznesdagi yoshlar» dasturi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar rahbarlik yoki egalik qiladigan mikro, kichik va o‘rta korxonalarga qaratilgan ushbu dastur Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistondagi 20 ta hamkor moliya institutlari orqali kichik va o‘rta biznesni kreditlash imkonini beradi. Dastur mezonlariga javob beradigan kichik korxonalar uchun maqsadli nomoliyaviy xizmatlar Bankning “Kichik biznes uchun maslahatlar” dasturi doirasida ko‘rsatiladi.
Maʼlumotlarga qaraganda, Markaziy Osiyodagi ko‘plab yoshlar tadbirkorlik tafakkuriga ega bo‘lsa-da, ularning juda kam qismida teng iqtisodiy imkoniyatlar mavjud, xususan, tadbirkorlarning atigi 10 foizga yaqini zarur tayyorgarlik va kasbiy bilimlarga ega. Ushbu muammoni hal qilish Markaziy Osiyo uchun juda muhim, chunki bu yerda kichik va o‘rta korxonalar umumiy bandlikning deyarli yarmini va mintaqaviy YAIMning qariyb 40 foizini tashkil qiladi. YETTB tomonidan ilgari surilayotgan ushbu loyixa esa mahalliy kichik va o‘rta korxonalarga treninglar, maslahat xizmatlari va tematik tadbirlarda ishtirok etish orqali tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Jumladan, bugungi seminarda yoshlar «YETTB kichik biznes uchun maslaxatlar» dasturi bosh taxlilchisi Sardor Alimdjanov va Hamkorbank departament direktori Umrbek Xudaynazarovlar tomonidan YETTB ning dasturi doirasida yosh tadbirkorlar uchun biznesni rivojlantirishga qaratilgan iimkoniyatlar, grant loyixalari, tadbirkorlar uchun “Micromentor” platformasi, Hamkorbank tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy xizmatlar, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mavzulariga bag‘ishlangan maʼruzalaridan yangi maʼlumotlarga ega bo‘lgan bo‘lsa, muvaffaqiyatli tadbirkor, Mfaktor asoschisi Xusan Mamasaidov hamda «Qadriyatlar akademiyasi» asoschisi Kozimxon Turayev ishtirokidagi tadbirkorlarning biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga oid muzokara sessiya va masterklass qizg‘in muxokama va savol javoblarga boy bo‘ldi.