Rasmiy munosabat
20 / 04 / 2026Joriy yilning 17-aprel sanasida “Потребитель.Уз” Facebook kanalida “Hamkorbank” ATBning Chilonzor universal bank xizmatlari ofisi faoliyatiga oid murojaat yuzasidan
MUNOSABAT
Toshkent shahri, Chilonzor tumani Chilonzor 20A, 4a-uyda joylashgan Chilonzor universal BXO xodimlarining ish faoliyati yuzasidan bildirilgan murojaat bank rahbariyati tomonidan atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida kuzatuv kameralari yozuvlari hamda mas’ul xodimlarning tushuntirishlari asosida aniqlanishicha, murojaat qilgan fuqaro bankka bir martalik (karta orqali naqd pulsiz) to‘lovni amalga oshirish maqsadida tashrif buyurgan.
Bankda mijozlarga xizmat ko‘rsatish elektron navbat tizimi orqali amalga oshiriladi. Ushbu tizimda har bir xizmat turi maxsus harf va raqamlar bilan belgilanadi hamda xizmatlar faqat tegishli vakolat (dostup)ga ega bo‘lgan xodimlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Mijoz kelgan vaqtda tabloda 49-raqamli fuqaro xizmat olayotgan bo‘lgan. Keyinchalik tizim tomonidan 54-raqam chaqirilgan. Mazkur holat navbat buzilishi bilan bog‘liq emas, balki 54-raqamli mijoz boshqa xizmat turi (SMS-xabarnoma xizmatini o‘zgartirish) bo‘yicha navbat olgan hamda ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi mutaxassis bo‘sh bo‘lganligi bilan izohlanadi.
Bir martalik to‘lovlarni amalga oshirish esa faqat universal menejer vakolatiga kiradi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xodim band bo‘lganligi sababli, navbat tizimi boshqa xizmat turlari bo‘yicha mijozlarni chaqirishda davom etgan.
Keyinchalik universal menejer tomonidan 52-raqamli mijoz chaqirilgan vaqtda murojaatchi bankni tark etgan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bankda sun’iy ravishda navbatni o‘tkazib yuborish holatlari mavjud emas. Elektron navbat tizimi xizmat turiga mos ravishda avtomatik ishlaydi. Ayrim hollarda mijozlar raqamdan oldin harf bilan izohlangan belgilar- xizmat turini anglatishini inobatga olmasdan, noto‘g‘ri xulosaga kelishlari mumkin.
Hamkorbank mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va qulaylik yaratish ustida doimiy ish olib boradi. Bildirilgan murojaat va fikrlar bank faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.





