Rasmiy munosabat
Joriy yilning 21-iyul sanasida Azamat Ziyayevga tegishli facebook sahifasida «Hamkorbank» ATBga qarashli bankomatda bir fuqaroning pul mablag‘lari chiqarib berilmaganligi haqidagi xabar yuzasidan
MUNOSABAT
Murojaatda bayon etilishicha, voqea 18-iyul kuni kechga yaqin Qo‘yliq massivi, Toshkent Xalqa yo‘li 17-uy, Compas savdo markazi ro‘parasida joylashgan 24/7 shaxobchasida sodir bo‘lgan. Muojaatda fuqaro plastikdagi pul mablag‘ini naqdlashtirish maqsadida bankomatdan pul yechishga uringani ammo bankomat pulni chiqarib bermagani aytilgan.
Mazkur holat «Hamkorbank» ATB mutasaddi xodimlari tomonidan tegishli ravishda o‘rganib chiqildi. Kamera kuzatuv natijalaridan aniqlanishicha, fuqaro tomonidan bankomat orqali amalga oshirilgan naqd pul yechish amaliyoti texnik jihatdan muvaffaqiyatli yakunlangan bo‘lib, pul mablag‘lari bankomat tomonidan chiqarilgan. Biroq, fuqaro pulni olayotganida yuzaga kelgan tushunmovchilik sababli mablag‘ni olib ketmagan.
Texnik xodimlarimiz tomonidan qayd etilishicha, agar mijoz chiqarilgan mablag‘ni o‘z vaqtida olmasa, bankomat ushbu pulni avtomatik tarzda xavfsizlik bo‘limiga qaytaradi. Shu kuni fuqaro bilan bog‘lanilib, holat izohlangan va pul mablag‘lari to‘liq qaytarib berilgan.
Shu o‘rinda, bank faoliyatiga oid holatlar yuzasidan tarqatilayotgan har qanday ma’lumot avvalo, vaziyatga oid mavjud barcha faktlar yig‘ilgan holatda asosli, tekshirilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerakligini eslatib o‘tamiz. Aks holda «Hamkorbank» ATB nomiga nisbatan tekshirilmagan, haqiqatga zid va obroga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatgan blogerlar va ijtimoiy tarmoq sahifa egalariga qonun doirasida tegishli choralar ko‘rishimiz mumkinligini ma‘lum qilamiz.
«Hamkorbank» ATB doimo sizning xizmatingizda va bildirgan ishonchingizni qadrlaymiz!