«Xalq dardi» Telegram kanalida e’lon qilingan murojaat yuzasidan munosabat
2026-yil 4-avgust kuni «Xalq dardi» Telegram kanalida e‘lon qilingan murojaat yuzasidan
MUNOSABAT
2026-yil 4-avgust kuni «Xalq dardi” Telegram kanalida «Hamkorbank” ATB Qo‘qon bank xizmatlari ofisida ish vaqtida xodima mijozlar oldida o‘ziga oro bermoqda, mazmunidagi murojaat e‘lon qilindi.
Mazkur holat yuzasidan «Hamkorbank” ATB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida videoda aks etgan holat Qo‘qon bank xizmatlari ofisining Chakana biznes bo‘limi online sotuvchi agentining belgilangan tushlik tanaffusi vaqtida tasvirga olingani aniqlandi. Mazkur vaqt sotuvchi agentning ichki mehnat tartib-qoidalariga muvofiq dam olish va shaxsiy ehtiyojlari uchun ajratilgan tanaffus hisoblanadi.
Shuningdek, videoda tasvirga olingan sotuvchi agent ushbu vaqtda mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida bo‘lmagan. Bank xizmatlari esa boshqa mas‘ul xodimlar tomonidan belgilangan tartibda davom ettirilgan.
Shu bilan birga, «Hamkorbank” ATB mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, xizmat odobi va korporativ etika talablariga qat‘iy rioya etilishini ustuvor vazifa deb biladi. Holat yuzasidan mas‘ul agent bilan qo‘shimcha profilaktik suhbat o‘tkazilib, jamoat joylarida, hatto tanaffus vaqtida ham bankning xizmat madaniyati va korporativ imijiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlardan ehtiyot bo‘lish kerakligi yana bir bor eslatildi.
«Hamkorbank” ATB mijozlarning murojaatlari va bildirilgan fikr-mulohazalariga befarq emas. Har bir murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, xizmat sifatini yanada oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi. Mijozlarimizga e‘tibor va bank faoliyatini takomillashtirishga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildiramiz.