Kredit bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni yo‘naltirish yuzasidan munosabat
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining rasmiy sayti va Telegram kanalida e’lon qilingan axborot yuzasidan
MUNOSABAT
2026-yil 9-oktabr kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining rasmiy sayti va Telegram kanalida ayrim banklarda, jumladan, «Hamkorbank» ATBda kredit bo‘yicha belgilangan to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng ortib qolgan mablag‘lar asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilmay, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolayotgani va buning oqibatida asosiy qarz kamaymasdan, unga foiz hisoblanishi davom etayotgani haqida axborot e’lon qilindi.
Mazkur holat yuzasidan «Hamkorbank» ATB tomonidan murojaat qilgan mijoz haqida aniq ma’lumot olish maqsadida, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga so‘rov yuborildi. Kredit shartnomalari bo‘yicha texnik nosozlik sababli belgilangan oylik to‘lovdan ortiqcha summalar kreditning asosiy qarzini so‘ndirishga yo‘naltirilmagan holatlar aniqlanib, har bir mijoz bo‘yicha individual yondashuv asosida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bank mijozlar manfaatlarini ta’minlash, kredit to‘lovlarini hisobga olish jarayonining to‘g‘ri va shaffof tashkil etilishi hamda bu jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shu kabi holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratadi.
Kredit to‘lovlarini amalga oshirish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Texnik nosozliklar sababli yuqoridagi kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Mijozlarimizdan shunday vaziyatlarga duch kelgan taqdirda, 1256 (ichki telefon raqami: 0455) orqali bank bilan bog‘lanishlarini so‘raymiz. Har bir murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, masalani ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi. Bank mijozlarining qonuniy manfaatlariga zid holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi.