Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Hamkorbank ishonchlimi?» sarlavhali murojaat yuzasidan munosabat
Joriy yilning 12 may sanasida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida «Hamkorbank ishonchlimi?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan murojaat yuzasidan
MUNOSABAT
Mazkur murojaatda fuqaro Visa kartasiga xorijdan kelib tushgan mablag‘larni naqdlashtirish jarayonida bir qismi kamayib qolgani hamda ikki kun davomida qanchadir miqdordagi pullari yo‘qolgani haqida e’tiroz bildirgan.
Holat yuzasidan «Hamkorbank” ATB mas’ul xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida murojaat muallifi Hamkorbankning Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi bank xizmatlari ofisi mijozi ekani aniqlandi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mijoz kartasiga kelib tushgan mablag‘lar bo‘yicha noqonuniy yechimlar yoki uchinchi shaxslar tomonidan mablag‘ o‘zlashtirilgani holatlari aniqlanmadi. Mijoz tomonidan mablag‘lar boshqa bank infratuzilmasi, xususan, Xalq banki bankomati orqali naqdlashtirilgan bo‘lib, mazkur operatsiyalar uchun amaldagi tariflarga muvofiq xizmat haqlari undirilgan.
Shuningdek, mijoz tomonidan karta balansi bir necha marotaba tekshirilgani natijasida, xalqaro Visa to‘lov tizimi qoidalari asosida balansni ko‘rish bo‘yicha xizmat haqlari ham hisoblangan. Mazkur xarajatlar yig‘indisi mijoz tomonidan mablag‘larning kamayishi sifatida qabul qilingan.
Holat bo‘yicha mijoz bilan bog‘lanilib, karta hisobvarag‘idagi barcha tranzaksiyalar va undirilgan xizmat haqlari batafsil tushuntirildi. Natijada mablag‘larning kamayishi bank tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato yoki noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq emasligi, balki amalga oshirilgan operatsiyalar hamda amaldagi tariflar asosida hisoblangan xizmat haqlari natijasi ekani ma’lum qilindi.
«Hamkorbank” ATB mijozlar manfaatlari va mablag‘lari xavfsizligini ta’minlashni ustuvor vazifa deb biladi. Mijozlarda kartalar bo‘yicha savollar yuzaga kelganda, bankning 1256 qisqa raqami yoki yaqin bank xizmatlari ofislariga murojaat qilishlarini so‘raymiz.