
O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlik jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri. Bugungi maqolamiz qahramonlari — Hoji ota va Hoji ona boshlab bergan, farzandlari davom ettirgan va bugun butun bir korporativ oilaga aylangan bizneslar majmuasi.
“Hamkorbank” ATB tomonidan barqaror rivojlanish va ijtimoiy mas’uliyatga qaratilgan ESG strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, ESG bo‘limining tashabbusi o‘laroq, ushbu strategiya doirasida biz muvaffaqiyatga erishgan mijozlarimiz haqida turkum maqolalarni e’lon qilishni davom ettiramiz.
Navbatdagi qahramonimiz — Qo‘qon shahridan, farmasevtlik kasbidan boshlab, bugun butun bir oilaviy biznes tarmog‘ini shakllantirgan Mohidil opa va uning oilasi. Uzoq yillardan buyon bankimiz hamkori hisoblangan mijozimiz-bankning kredit mahsulotlaridan unumi foydalangan holda biznesda muvaffaqiyatga erishib, faoliyatini yangi yo‘nalishlarda kengaytirib bormoqda. Ta’kidlash joizki, Mohidil opa Nazirova erishgan yutuqlar nafaqat ilhomlantiradi, balki birgalikdagi sa’y-harakatlar qanday qilib muhim natijalarga olib kelishini ham yaqqol isbotlab berishi, turgan gap.
“Biznesga qadam qo‘yish oson bo‘lmadi”
“Bizning oilamizda ham boshida savol, ikkilanishlar ko‘p edi, lekin onam bizga motivatsiya berib, avvalo boshlab olishga undagan, — deydi Mohidil opa tabassum bilan. — Asl kasbi injener bo‘lgan otam va tikuvchilik bilan shug‘ullangan onam bundan 20 yil avval quruq mevalarni qadoqlash uchun zarur turli o‘lchamdagi qutilar ishlab chiqaruvchi “EURO PRINT KOKAND” korxonasini yo‘lga qo‘yishdi. U vaqtda bu ishga katta jasorat kerak edi. Ammo vaqt ko‘rsatdiki, to‘g‘ri qaror qabul qilingan ekan”.
Mohidil opaning aytishicha, oiladagi farzandlar ham ota-onaning boshlab bergan yo‘lini davom ettirishgan:
• 15 yil avval farmasevtika mutaxassisligi asosida “EURO MED DIAGNOSTIC” diagnostika markazi ochilgan, hozirda hoji ona boshchiligida markaz ko‘plab yurtdoshlarimizga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda;
• 6 yil oldin esa Qo‘qonda “ASMALD HOTEL” ish boshlagan, bugun ushbu shahardagi ko‘zga ko‘ringan birinchi raqamli mehmonxonaga aylanib ulgurdi;
• Yaqinda Toshkentda yana bir mehmonxona ochish tashabbusi yo‘lga ilgari surilmoqda;
“Albatta, bu loyihalarning hech biri oson kechmadi. Lekin Hamkorbank krediti yordamida orzularimizni amalga oshira oldik. 2005-yilda bor-yo‘g‘i 3 ishchi bilan ish boshlagandik, bugun esa faoliyatimiz 350 nafardan ortiq insonni ish bilan ta’minlab turibdi”, — deya qo‘shimcha qiladi Mohidil opa.
Ishlab chiqarishdan turizm va qishloq xo‘jaligigacha
Bugun bu oilaning faoliyati bir necha yo‘nalishni qamrab olgan:
• “QO‘QON LOYIHA-QURILISH” MCHJ – qurilish loyihalash va xizmat ko‘rsatish,
• “ASMALD HOTEL” MCHJ – mehmonxona faoliyati,
• “EURO PRINT KOKAND” MCHJ – qadoqlash mahsulotlari va bir martalik idishlar ishlab chiqarish,
• “EURO MED DIAGNOSTIC” MCHJ – diagnostika va laboratoriya tarmog‘i.
Shuningdek, “SWEET FRUIT GARDEN” FX fermer xo‘jaligi doirasida 3,5 gektar yerda gilos va o‘rik bog‘lari barpo etilgan.
“Bugungi kunda faqat ishlab chiqarish emas, balki turizm va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari ham oilaviy biznesimizda muhim o‘rin egallamoqda. Masalan, “EURO PRINT KOKAND” korxonasida kuniga 100 ming dona qutilar ishlab chiqarilmoqda. Bularning barchasi Hamkorbank bilan samarali hamkorligimiz natijasi”, — deydi qahramonimiz faxr bilan.
Hamkorlikning boshlanishi
Tadbirkor oila ilk bor 2005 yilda Bankka murojaat qilib, mikrokredit olgan. Bu kredit ularning kichik ishlab chiqarish korxonasini yo‘lga qo‘yishida asosiy turtki bo‘ldi. O‘sha paytda kichik jamoa sifatida boshlangan faoliyat bugungi kunda yuzlab insonlarni ish bilan ta’minlaydigan darajaga yetdi.
“Hamkorbank tomonidan berilgan kreditlar bizning korxonamizni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalar joriy etish imkonini berdi. Yangi uskunalar yordamida biz turli murakkablikdagi ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik. Hozirda 350 nafar ishchini ish bilan ta`minlaganmiz”.
Ayollarning tadbirkorlikdagi o‘rni
Mohidil opaning fikricha, oilaviy biznesning yuksalishida ayollarning hissasi alohida ahamiyat kasb etadi: “Avvallari ko‘pchilik xotin-qizlarning biznes sohasida muvaffaqiyat qozonishiga shubha bilan qarardi. Ammo bugungi kunga kelib, jamiyatimizda ayollarning iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shayotgan hissasi yaxshigina tan olinmoqda. Ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda va bu holat bizni yanada ilhomlantiradi”, — deya ta’kidlaydi u.
Kelajak rejalari
Oila nafaqat ichki bozorni, balki xalqaro bozorni ham ko‘zlamoqda. Toshkent shahrida yangi mehmonxona qurilishi boshlangan bo‘lib, bu nafaqat oilaning, balki butun mintaqaning turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish ham ustuvor maqsadlardan biri.
“Men prinsipial insonman. Tadbirkor sifatida ayta olamanki, hamkorlikda ishonch, qulay sharoitlar va moslashuvchanlik muhim ahamiyatga ega. Hamkorbank bilan yillar davomida shakllangan ishonchli munosabat bizning barqaror rivojlanishimizning asosiy omillaridan biridir”, — deydi Mohidil opa. Darhaqiqat, Hamkorbankning doimiy mijozi sifatida bu oila nafaqat moliyaviy o‘sishda, balki jamiyatda yangi imkoniyatlar yaratishda ham peshqadam. Oila bosh tayanchi Hoji ona va qizi Mohidil opa bugun o‘zbek ayollari uchun yorqin namunadir.
Ularning hikoyasi — bu mehnatsevarlik, sabr-toqat va to‘g‘ri tanlangan hamkorlik orqali orzularni ro‘yobga chiqarish mumkinligining yaqqol dalilidir. Oilaviy tadbirkorlik — bu nafaqat biznes, balki qadriyat. Ushbu ikki o‘zbek ayollarining tashabbusi, tadbirliligi, liderlik qobiliyatlari tufayli yuzaga kelgan bu loyihalar o‘zbek jamiyatidagi xotin-qizlar uchun ilhom manbai. Mehnatsevarlik, birlashgan kuch va to‘g‘ri hamkorlik — oilaviy biznesning barqaror rivojlanishiga asos bo‘ldi.