Moliyaviy savodxonlik moliyaviy barqarorlikning bosh mezonidir. Fayzli va farovon hayot kechirishni istagan har bir inson albatta bu boradagi bilimlarini kengaytirishi, ko‘nikmalarini shakllantirib borishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, «Hamkorbank» ATB va qator hamkor tashkilotlar ishtirokida Andijon shahrida joylashgan Yoshlar markazida tashkil etilgan uchrashuv ham aynan talaba yoshlarning moliyaviy bilimlarini oshirishga qaratildi.
Ishtirokchilarga raqamli bank, uning imkoniyatlari, omonatlar va kreditlardan maqsadli foydalanish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha qiziqarli prezentatsiyalar taqdim etildi. Interaktiv shaklda o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar, savollariga yetarlicha javob oldilar.
Tadbirda shuningdek, bugungi kunning dolzarb mavzusi hisoblangan plastik kartalar bilan bog‘liq firibgarliklar xususida ham batafsil ma’lumot berildi. Global money week – Umumjahon pul haftaligi doirasida tashkil etilgan uchrashuv yakunida unda faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Yoshlarning moliyaviy bilimlarini oshirishga qaratilgan ana shunday tadbirlardan yana biri Farg‘ona shahrida o‘tkazildi. Taqdim etilayotgan ma’lumotlarni qay darajada o‘zlashtirib borayotganliklari savol-javoblarda o‘z ifodasini topdi.